Stol tennischilarimiz Gruziya turnirida 2 oltin medalni qo‘lga kiritdi
Gruziya poytaxti Tbilisi shahrida stol tennisi bo‘yicha yoshlar, o‘smirlar va kichik yoshdagilar o‘rtasida “WTT Youth Contender Tbilisi-2026” musobaqasi o‘tkazilmoqda. Unda O‘zbekiston vakillari ajoyib natijalarni qayd etmoqda.
30 ga yaqin mamlakatning mahoratli yosh stol tennischilari qatnashayotgan musobaqaning ilk kunida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 2 ta oltin medalga sazovor bo‘ldi.

13 yoshgacha bo‘lganlar orasidagi saralash uchrashuvlarida raqiblarini yenggan terma jamoamiz a’zosi Husein Iskandarov final bahsida Hindiston vakili Nikan Shirvanini 3:1 hisobida mag‘lub etib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Terma jamoamizning yana bir a’zosi Temurbek Nurmonov 17 yosh toifasida turnirning eng kuchli kichik raketka ustasi ekanini amalda ko‘rsatdi. U finalda Hindiston terma jamoasi a’zosini 3:2 hisobida dog‘da qoldirib, shohsupaning eng yuqorisidan joy egalladi.

Bugun, 28-sentabr kuni xalqaro turnirning bir qator yo‘nalishlarida hamyurtlarimiz bahs olib boradi.
Xususan, Amir Shiriyev, Elbek Nurboyev, Rahmatilla Abdurashidov, Muxtorali Ismoilov, Eleonora Shiriyeva, Dilnavoz Omonova, Munisa Masharipova, Sofiya Adjibekirova singari iqtidorli sportchilarimiz o‘z yosh toifalarida ishtirok etadi.
Yakkalik, juftlik, aralash juftlik yo‘nalishlarida o‘tayotgan xalqaro turnir 30-sentabrga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA