Sport ta’limidagi ustozlarga ehtirom ko‘rsatildi
Mamlakatimizda O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan joylarda turli tadbirlar, uchrashuvlar, davra suhbatlari o‘tkazilmoqda.
Ana shunday bayram tadbirlaridan biri O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida bo‘lib o‘tdi.
Xalqimiz orasida “Ustozni ulug‘laganni el ardoqlaydi”, “Ustoz otangdek ulug‘”, degan purma’no gaplar, turfa hikmatlar bor.

Bugun xalqaro sport maydonlarida yuqori natijalarga erishib, vatanimiz sport shuhratini ulug‘lab kelayotgan yuzlab sportchilarimiz, ularning murabbiylari aynan O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida tahsil olganini, malaka oshirganini, chuqur bilim va tafakkurga ega bo‘lganini inobatga olsak, mazkur ta’lim dargohi chin ma’noda O‘zbekiston sportining tabarruk dargohidir.

Tantanali tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo, Chirchiq shahar hokimi Murodjon Abdurahimov, universitet rektori Rashid Matkarimov ustozlik maqomi, shogirdlarga munosib bo‘lish, ularni yangi g‘alabalar sari ilhomlantirish, shijoat bag‘ishlash, Vatanni himoya qilish, uning ravnaqiga kamarbasta bo‘lishdek sharafli vazifa ekanini ta’kidladi.

Bayramona kechgan tadbirda she’rlar, ash’orlar yangradi, ustoz-murabbiylar kasb bayrami bilan samimiy muborakbod etildi. Kuy-qo‘shiqlar, milliy san’atimizning nodir durdonalari ustozlarga armug‘on etildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi 2-sonli akademik litseyining “Burgutlar” jamoasi tomonidan amaliy qo‘l jangi bo‘yicha ko‘rgazmali chiqish namoyish qilindi.

Tadbir jarayonida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining bir guruh ustozlariga, mutaxassislariga mukofotlar topshirildi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA