
Buxoro viloyati Kogon tumanida tashkil etilgan “Tezkor shtab” tomonidan yordamga muhtoj xonadonlarni tezkorlik bilan aniqlash, ularga har tomonlama ko‘mak berish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Tuman hokimi Muhiddin Esonov boshchiligidagi ishchi guruh o‘rganishlaridan so‘ng “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan tumanning “Xo‘ja yakshanba”, “Tuniroq”, “Siyoz-poyon”, “Bahouddin Naqshband”, “Navro‘z” mahalla fuqarolar yig‘inlarida ehtiyojmand aholi vakillari, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan 80 ga yaqin xonadonga 15 tonna ko‘mir yoqilg‘isi bepul yetkazib berildi. Bu bilan ularning tashvishi biroz bo‘lsa-da yengillashtirildi.

“Ko‘mir ta’minot” MCHJ ning Kogon tumani filiali tomonidan uzoq hududlar-qo‘shni Navoiy viloyati Qiziltepa tumani bilan chegaradosh Tuniroq va Navro‘z mahallalarida yana 5 tonna atrofidagi ko‘mir yoqilg‘isi arzon narxda yetkazib berilib, aholiga sotilgan.
Shu kunlarda tuman hokimligi hamda “Mahalla” xayriya jamoat fondi bo‘linmasi huzuridagi “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan hududdagi jami 23 ta mahalladan “Temir daftar”ga kiritilgan, nochor va qiyin sharoitda istiqomat qilayotgan fuqarolardan 60 nafariga 9 turdagi kundalik zarur oziq-ovqat mahsuloti yetkazib berilgan.

– Xalqimizning insonparvarligini ana shunday tashvishli va madadga muhtoj bo‘lgan kunda yana bir bor his qilyapmiz, – deydi Yangi qalluq qishlog‘ida yashovchi nafaqaxo‘r Iskandar Xudoyberdiyev. – Odamlarimiz qalbida mehr-oqibat mangu bo‘lsin. Bizga g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotgan olijanob yurtdoshlarimizga rahmat.
O‘rtacho‘l mahallasi tuman markazidan 23 kilometr, Nurafshon va O‘bacho‘li qishloqlari ham 15-18 kilometr uzoqlikda joylashgan. Ayni kunda bu aholi punktlarida istiqomat qilayotgan yurtdoshlarimiz orasida moddiy-ma’naviy madadga muhtojlari ham yetarlicha. Shunga qaramasdan, ayni kunda “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi yordami ulargacha yetib boryapti.

O‘bacho‘li va O‘rtacho‘l qishloqlarining kam ta’minlangan va ehtiyojmand aholisi uchun shu hafta boshida mahalla markazida doshqozonda milliy taom – halim tayyorlab tarqatildi.
Xuddi shunday muruvvat dasturxoni “Sarayon” mahallasida ham yozildi. Shu kuni mazkur mahallalar guzarlarida arzonlashtirilgan narxlarda oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkasi tashkillashtirildi. Nochor oilalarga mahalla mas’ullari tomonidan zarur mahsulotlar bepul yetkazildi.
Zarif Komilov, O‘zA