Ruminiya – O‘zbekiston: 31 yillik diplomatik munosabatlar va hamkorlikning yangi istiqbollari
6-oktabr – O‘zbekiston va Ruminiya o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilgan kun.
Avvalo ta’kidlash kerakki, Ruminiya O‘zbekiston bilan munosabatlarni yuksak qadrlaydi va ikki mamlakat o‘rtasidagi muloqot hamda hamkorlikni yanada rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratadi. O‘zbekiston Ruminiyaning Markaziy Osiyodagi muhim hamkorlaridan biri. Shu nuqtai nazardan, o‘lkamiz Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish, o‘zaro manfaatli yangi loyihalarni ilgari surish, mintaqaviy barqarorlik va o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslarni faol qo‘llab-quvvatlaydi.

So‘nggi yillarda savdo-iqtisodiy aloqalarimizda ham ijobiy natijalar kuzatilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2020–2025-yillarda ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi 377 foizdan ziyod o‘sdi. 2025-yil esa o‘zaro savdo qiymati nuqtai nazaridan Ruminiya – O‘zbekiston munosabatlari tarixidagi eng yaxshi yillardan biri bo‘ldi.
Transport sohasidagi hamkorlik ham izchil rivojlanmoqda. 2025-yil 27-noyabrda Toshkent shahrida Ruminiya hukumati hamda O‘zbekiston Respublikasi hukumati o‘rtasida avtomobil yo‘llarida tranzit tashuvlari sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimga o‘zgartishlar kiritish haqidagi protokol imzolandi. Mazkur bitim dastlab 1996-yil 6-iyunda Buxarestda imzolangan edi.
Qayd etish joizki, fuqarolik aviatsiyasi yo‘nalishidagi hamkorlik ham yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Buning tasdig‘i sifatida 2026-yil 30-sentabrda Toshkentda Ruminiya Fuqarolik aviatsiyasi boshqarmasi va “O‘zaviatsiya” agentligi o‘rtasida imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumini tilga olish mumkin.
Ikki tomonlama munosabatlarimizda diplomatik va parlamentlararo muloqot ham muhim o‘rin tutadi. Joriy yil mart oyida Ruminiya va O‘zbekiston tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida videokonferensiya shaklida ilk ikki tomonlama konsullik maslahatlashuvlari o‘tkazildi. Sentyabr oyida esa senator Yelena-Adelina Dobraning Parlamentlararo ittifoq Yosh parlamentariylarining XII global konferensiyasida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga tashrifi parlamentlararo aloqalarni rivojlantirishda muhim voqea bo‘ldi.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlik ham mazmunan boyib bormoqda. 2025-yil oktabr oyida Ruminiya ta’lim vazirining O‘zbekistonga tashrifi, shuningdek, Samarqandda o‘tkazilgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasida Ruminiya delegatsiyasining ishtiroki bu boradagi muhim voqealardan bo‘ldi.
Joriy yil davomida ham qator madaniy tadbirlar tashkil etilmoqda. Xususan, mart oyida Ruminiya elchixonasi Toshkentda bahorning boshlanishi munosabati bilan rumin xalq an’analarini namoyish etuvchi tadbir o‘tkazdi. Shu oyda poytaxtda shoir Gerasim Luka ijodiga bag‘ishlangan rumin-fransuz she’riyat kechasi ham tashkil etildi.
Aprel oyida Toshkent shahrida Konstantin Brinkushining 150 yilligiga bag‘ishlangan “Tыrgu-Jiudagi “Qahramonlar yo‘li” monumental ansambli” hamda “Jorje Enesku Fransiyada” nomli fotoko‘rgazmalar bo‘lib o‘tdi. May oyida esa “Jazzappella” vokal ansambli Toshkent xalqaro jaz festivalida Ruminiyani namoyish etdi. Yurtimiz vakillari “Toshkent bahori” xalqaro opera va balet festivali hamda Marg‘ilondagi “Atlas bayrami” xalqaro festivalida ham ishtirok etdi. XXII Xalqaro xayriya madaniy an’analar va milliy taomlar festivali doirasida esa rumin pazandachilik san’ati taqdim etildi.
Ushbu yilda mashhur rumin teleloyihasi – “Aziya Ekspress – Ipak yo‘li” ko‘rsatuvining to‘qqizinchi mavsumi O‘zbekistonda suratga olindi. E’tiborli jihati, o‘zbek diyorida tasvirga olingan qismlar sentabr oyida Ruminiyada efirga uzatilib, tomoshabinlarga O‘zbekistonning go‘zal shaharlari, boy madaniy merosi va xalqining samimiy mehmondo‘stligini namoyish etdi.
Madaniy almashinuv faqat O‘zbekistonda emas, Ruminiyada ham davom etdi. Aprel oyida Konstansa shahrida “O‘zbekiston miniatyurasi: an’ana va modernizm” ko‘rgazmasi tashkil etildi. Sentyabr oyida esa o‘zbeklarning “Buxorcha” vokal-raqs ansambli Buxarestda milliy raqslarni namoyish qildi.
Men mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar istiqboliga katta ishonch bilan qarayman. Ayniqsa, O‘zbekiston Prezidenti farmoni bilan ta’sis etilgan “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlanganim men uchun katta sharaf bo‘ldi. Bu mukofotni yuksak ishonch belgisi va kelgusidagi samarali hamkorlikni yanada faol davom ettirish uchun muhim rag‘bat sifatida qabul qilaman.
O‘zbekiston tomoniga samarali hamkorlik uchun samimiy minnatdorligimni bildiraman. Ishonchim komilki, o‘tgan 31 yil davomida shakllangan o‘zaro hurmat va ishonchga asoslangan munosabatlarimiz bundan keyin ham izchil rivojlanib, xalqlarimiz manfaatlariga xizmat qiladi.
Daniel Kristian Chobanu,
Ruminiyaning O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi.
O‘zA