Qozoğistonda 100 dan ortiq harbiy obʼekt tekşirilmoqda
Qozoğiston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev topşiriği bilan taşkil etilgan Mudofaa vazirligi faoliyatini kompleks tekşiriş komissiyasi dastlabki natijalarni eʼlon qildi.
Taʼkidlanişiça, tekşiruvlar vazirlik tizimidagi 100 dan ortiq obʼektni qamrab olgan. Ayni paytda byudjet mablağlaridan foydalaniş samaradorligi yuzasidan audit davom etmoqda.
Komissiya asosiy eʼtiborni harbiy xizmatçilar xavfsizligini taʼminlaş, xizmat ötaş uçun munosib şart-şaroitlar yaratiş, oziq-ovqat va kiyim-keçak taʼminoti sifati, tibbiy xizmat körsatiş hamda davlat mulkining saqlanişi masalalariga qaratmoqda.
Tekşiruvlar davomida aniqlangan ayrim qonunbuziliş holatlari yuzasidan sudga qadar tergov harakatlari boşlangan. Hozirda tegişli organlar tomonidan 37 ta iş körib çiqilmoqda. Tergov manfaatlaridan kelib çiqib, ularning tafsilotlari hozirça oşkor etilmayapti.
Rasmiy maʼlumotda taʼkidlanişiça, tekşiruvlar «Qonun va tartib» tamoyili asosida olib borilmoqda. Ularning asosiy maqsadi mamlakat qurolli kuçlarining jangovar şayligini taʼminlaş, harbiy intizomni mustahkamlaş va tizimdagi kamçiliklarni bartaraf etişga qaratilgan çora-tadbirlarni işlab çiqişdan iborat.
Şuningdek, komissiya tavsiyalari ölkada harbiy islohotlar rejasini amalga oşiriş jarayonida ham inobatga olinmoqda.
Eslatib ötamiz, mazkur komissiya 2026-yil 26-sentabrda prezident Qasim-Jomart Toqayev farmoyişi bilan taşkil etilgan. Bu qaror Manğistau viloyatida harbiy maşğulotlar vaqtida röy bergan fojiali hodisadan keyin qabul qilingan. Komissiya öz faoliyatini joriy yilning noyabr oyida yakunlaşi rejalaştirilgan.
S.Rahimov, ÖzA