Prezident tashabbuslari e’tirof etildi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishida dastlab davlatimiz rahbarining O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida pedagoglar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ilgari surgan taklif-tashabbuslari mohiyati keng muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, Prezidentimiz uchrashuvda pedagoglarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qator yangi tashabbuslar ilgari surdi. Jumladan, har yili 208 ta tuman va shahardagi yetakchi o‘qituvchilarni mukofotlash, ming nafar pedagogni xorijda stajirovkaga yuborish, milliy sertifikatga ega o‘qituvchilarga 50 foiz ustama to‘lash bo‘yicha tashabbuslar aytib o‘tildi.
https://uza.uz/uz/collection/31782]
Shuningdek, ilg‘or pedagoglar uchun “Abdulla Avloniy” nomidagi davlat mukofotini ta’sis etish, bitiruvchilarni kasb va xorijiy tilga o‘rgatish, aniq va tabiiy fanlarni chuqurlashtirib o‘qitish, kasbiy va oliy ta’limda dual ta’limni kengaytirish kabi vazifalar belgilandi. Xalq vakillari ushbu tashabbuslarni alohida e’tirof etib, bu vazifalar o‘qituvchi kasbining nufuzini yanada mustahkamlashini qayd etdi.
Shuningdek, fraksiya a’zolari zamonaviy bilimga ega, mustaqil fikrlaydigan yosh avlodni tarbiyalashda ustoz va murabbiylarning o‘rni, mehnati beqiyos ekanligini ta’kidlab, ularning maqomini yanada yuksaltirish muhimligini qayd etdilar.
M.Komilova, A.Alijonov (surat), O‘zA