Polmonda Niderlandiya lolalari parvarishlanmoqda
Farg‘ona viloyati Quvasoy shahrining Qirg‘iziston bilan chegaradosh hududida joylashgan “Polmon” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi tomorqachilik va bog‘dorchilikdagi yutuqlari bilan e’tibor qozongan. Ayni paytda mazkur mahallada qariyb 4500 nafar qirg‘iz millatiga mansub aholi istiqomat qiladi.
Mahalla faollaridan biri, mehnat faxriysi Mamanboy Maksitov o‘z tomorqasidan samarali foydalanib kelmoqda. U 14 sotix yer maydonida Niderlandiya lolalarini yetishtirish bilan shug‘ullanib, yiliga ikki marta daromad olishga erishmoqda. Kuz faslida lola ko‘chatlari, bahorda esa ochilgan gullarni sotuvga chiqaradi. Shu bois uning parvarishlayotgan lolalari xaridorlar orasida katta qiziqish uyg‘otmoqda.
— Ayni paytda lolaning qizil, sariq va pushti ranglarini parvarishlayapmiz. Joriy yildan boshlab oq rangli lolalarni ham ekishni rejalashtirganmiz, - deydi tajribali tomorqachi Mamanboy Maksitov. — Gullarimiz nafaqat viloyatimizda, balki qo‘shni Qirg‘iziston bozorlarida ham sotilmoqda.
[gallery-28489]
Oilaning daromad manbalari bundagina cheklanib qolmaydi. Tomorqada olma, nok, gilos kabi mevali daraxtlar parvarishlanadi, shuningdek, asalarichilik bilan ham shug‘ullaniladi.
— Besh nafar farzandimning barchasi uyli-joyli bo‘lib, o‘z mehnati bilan tirikchilik qilmoqda. Biz esa bu ishlarni, avvalo, sog‘lom va jismonan faol bo‘lish uchun amalga oshiramiz, — deydi otaxon.
Aytish joiz, shu kunga qadar Mamanboy Maksitov o‘n nafarga yaqin mahalladoshiga lola yetishtirish sir-asrorlarini o‘rgatgan. Bu esa yaqin kelajakda Niderlandiya lolalarini parvarishlash Polmon mahallasi aholisi uchun yana bir barqaror daromad manbaiga aylanishiga zamin yaratadi.
<iframe width="640" height="480" src="https://www.youtube.com/embed/2Z-knxCVC0g?si=wLVLwSc67suT4zw4" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>O‘zA fotomuxbiri
Muqimjon QODIROV olgan surat va video.