Parijda O‘zbekistonning buyuk ma’naviy va ilmiy merosi namoyish etildi
O‘zbekistonning boy tarixi, buyuk allomalari qoldirgan bebaho ilmiy meros va xalqimizning jahon tamadduniga qo‘shgan hissasini xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ana shu ezgu maqsadlarni ro‘yobga chiqarishga xizmat qilayotgan yirik ilmiy-ma’rifiy maskandir. Markaz faoliyatini xalqaro hamjamiyatga tanitish, uning ilmiy va madaniy imkoniyatlarini dunyoning yetakchi tashkilotlari hamda nufuzli tadqiqot muassasalari bilan bog‘lash borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning 7–8-oktabr kunlari Fransiya poytaxti Parijda tashkil etilgan xalqaro tadbirlar ham ushbu sa’y-harakatlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Ikki kun davomida YUNESKO Bosh qarorgohi, O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi, shuningdek, mamlakatning yetakchi ilmiy va madaniy muassasalarida o‘tkazilgan muloqotlarda yurtimiz sivilizatsiyasi merosi, Sharq va G‘arb o‘rtasidagi tarixiy aloqalar, ilm-fan hamda madaniy hamkorlikning istiqbollari muhokama qilindi.
YUNESKO minbarida...
YUNESKOning Parijdagi Bosh qarorgohida 7-oktabr kuni “Islom sivilizatsiyasi: Movarounnahrning buyuk ma’naviy va ilmiy merosi hamda ma’rifat ufqlari” mavzusida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi. Uning doirasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining maxsus taqdimoti ham tashkil etildi.
Ta’kidlash joizki, YUNESKOning Bosh qarorgohi joylashgan Parij jahon ilm-fani, san’ati va madaniyatining qadimiy markazlaridan biridir. Ikki ming yildan ortiq tarixga ega bu shaharda Luvr muzeyi, Sorbonna universiteti, Fransiya Milliy kutubxonasi singari nufuzli muassasalar faoliyat ko‘rsatadi. Tashkil etilgan anjumanda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati boshqaruvi raisi Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.
Anjumanning asosiy mavzusi O‘zbekiston hududida shakllangan buyuk ilmiy maktablar, musulmon Sharqining jahon ilm-faniga qo‘shgan hissasi hamda bu merosni o‘rganish va targ‘ib etishning zamonaviy usullari bilan bog‘liq bo‘ldi. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatiga bag‘ishlangan taqdimot va videomateriallar xorijlik ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Zero, ushbu majmua an’anaviy muzey tushunchasidan ancha keng vazifalarni bajaradi. Unda islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalaridan boshlab, Birinchi va Ikkinchi Renessans, buyuk mutafakkirlar faoliyati, qo‘lyozmalar merosi, davlatchilik, ilm-fan va san’at tarixi yaxlit ilmiy konsepsiya asosida namoyon etiladi.
Madaniy meros – o‘zaro muloqot asosi
YUNESKO Bosh qarorgohida o‘tgan anjumanda so‘zga chiqqan xalqaro tashkilotlar rahbarlari O‘zbekistonda madaniy merosni asrash va ilm-fanni rivojlantirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan islohotlarga alohida e’tibor qaratdilar.

Jumladan, ICESCO bosh direktori Salim al-Malik islom sivilizatsiyasi tinchlik, birodarlik, madaniyat va ilm-fan qadriyatlariga asoslanganini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, madaniy meros xalqlar, avlodlar va sivilizatsiyalar o‘rtasida o‘zaro anglashuvni mustahkamlaydigan muhim ko‘prikdir. Ilm-fan hamda ta’lim sohasidagi hamkorlik esa turli jamiyatlarni bir-biriga yaqinlashtiradi. Salim al-Malik O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni yuqori baholadi.
IRCICA bosh direktori, professor Mahmud Erol Qilich “Ma’naviy meros, tafakkur uyg‘onishi va zamonaviy taraqqiyot” mavzusidagi ma’ruzasida sivilizatsiyalar tarixini o‘rganishda keng qamrovli ilmiy yondashuv zarurligiga e’tibor qaratdi. Uning ta’kidlashicha, insoniyat taraqqiyoti birgina xalq yoki mintaqa tarixi bilan cheklanmaydi. Turli sivilizatsiyalar o‘rtasidagi o‘zaro ta’sir, ilmiy g‘oyalar va ma’naviy qadriyatlar almashinuvi jahon madaniyatining shakllanishida hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan.
Anjumanda Italiyaning Milan Dizayn universiteti professori Mario Taddei tomonidan bildirilgan ilmiy mulohazalar ham ishtirokchilar e’tiborini tortdi. Olim Xorazmiy, Ibn Sino, Beruniy kabi buyuk allomalarning ilmiy merosi Yevropa Uyg‘onish davri tafakkuriga, xususan, Leonardo da Vinchi faoliyatiga ko‘rsatgan ta’siri haqida so‘z yuritdi. Bu kabi ilmiy yondashuvlar Movarounnahrda shakllangan intellektual muhitning jahon ilm-fani taraqqiyotida naqadar muhim o‘rin tutganini yana bir bor ko‘rsatadi.
Ma’lumki, Xorazmiyning matematika sohasidagi tadqiqotlari, Beruniyning qomusiy ilmiy merosi, Ibn Sinoning tibbiyot va falsafaga oid asarlari asrlar davomida Sharq va G‘arb ilm-fani rivojiga xizmat qilgan. Shu bois buyuk ajdodlarimiz merosini xalqaro ilmiy maydonlarda keng targ‘ib etish tarixiy haqiqatni tiklash, yosh avlodni ilm-fanga qiziqtirish va turli xalqlar o‘rtasidagi ma’rifiy aloqalarni mustahkamlash nuqtai nazaridan ham dolzarbdir.
Amir Temur merosi fransuz olimlari diqqat markazida
Parijdagi tadbirlarning ikkinchi kuni – 8-oktabrda O‘zbekiston Respublikasining Fransiyadagi elchixonasida Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy anjuman tashkil etildi.
Ma’lumki, XIV asr oxiri – XV asr boshlarida Amir Temur davlati Yevropa mamlakatlari bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgan. Xususan, Sohibqiron Amir Temur va Fransiya qiroli Karl VI o‘rtasidagi yozishmalar o‘sha davr xalqaro aloqalarining muhim tarixiy manbalari hisoblanadi. Ushbu maktublar bundan olti asrdan ziyod vaqt muqaddam ham Movarounnahr va G‘arbiy Yevropa o‘rtasida siyosiy hamda diplomatik muloqot mavjud bo‘lganidan dalolat beradi. Bugun mazkur munosabatlar ilm-fan, tarix, madaniyat va ma’naviy meros sohalarida yangi mazmun bilan boyib bormoqda. Anjumanda Firdavs Abduxoliqov “Amir Temur va temuriylar renessansi: Sharq va G‘arbni bog‘lagan buyuk tarixiy meros” mavzusida ma’ruza qildi.

Darhaqiqat, temuriylar davri Markaziy Osiyo tarixida ulkan madaniy yuksalish bosqichidir. Bu davrda Samarqand va Hirot yirik ilmiy-madaniy markazlarga aylandi. Ulug‘bek rasadxonasi, Alisher Navoiy ijodi, Kamoliddin Behzod miniatyura maktabi, me’morchilik va kitobat san’ati yutuqlari ushbu yuksalishning yorqin ifodasidir.
Bugun O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida mazkur merosni chuqur o‘rganish, uning jahon tamadduni taraqqiyotidagi o‘rnini ilmiy asosda yoritishga katta e’tibor berilmoqda. Fransiyada temuriylar tarixini tadqiq etishning o‘ziga xos ilmiy an’analari mavjudligi ham mazkur anjuman davomida yaqqol namoyon bo‘ldi.
Jumladan, Temuriylar san’ati va tarixi assotsiatsiyasi prezidenti Frederik Bopertyui-Bressan Amir Temurning san’at va madaniyat homiysi sifatidagi faoliyatiga bag‘ishlangan ma’ruza bilan ishtirok etdi. Olim o‘tgan asrning saksoninchi yillaridan buyon temuriylar tarixi va san’atini tadqiq etish hamda ommalashtirish bilan shug‘ullanib kelmoqda. Uning faoliyati bilan bog‘liq “Temuriylar” jurnali Fransiya ilmiy jamoatchiligida ushbu davr merosiga qiziqishni kuchaytirishga xizmat qilgan.
Parijdagi Sharq tillari va sivilizatsiyalari milliy instituti – INALCO professori Katrin Pujol ispan elchisi Rui Gonsales de Klavixoning Samarqandga safari va uning mashhur safarnomasi xususida ma’ruza qildi.
Klavixoning XV asr boshlarida Amir Temur saroyiga tashrifi davomida qayd etgan kuzatuvlari bugun ham temuriylar davri tarixi, saroy marosimlari, Samarqandning shaharsozlik qiyofasi va o‘sha davr ijtimoiy hayotini o‘rganishda muhim manba hisoblanadi.
Kollej de Frans professori, taniqli arxeolog Frans Grene Amir Temurning Xitoy bilan munosabatlari va harbiy yurish rejalariga oid tarixiy manbalar asosida o‘z qarashlarini bayon qildi. San’atshunos va tadqiqotchi Sharora Solihiy temuriylar davri madaniy muhiti, Alisher Navoiy she’riyati va uning ijod ahliga homiylik faoliyatiga e’tibor qaratdi. “Al-Furqon” islom merosi jamg‘armasi ijrochi direktori Sali Shahsivari esa temuriylar davrining ilm-fan va ma’rifat rivojidagi o‘rni haqida fikr bildirdi. Shu tariqa, anjumanda Amir Temur va temuriylar merosiga tarix, sharqshunoslik, san’atshunoslik, diplomatiya va manbashunoslik nuqtai nazaridan yondashildi.
Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro anjuman doirasida “Temuriylarning buyuk merosi: Markaziy Osiyo san’ati, ilm-fani va madaniyati” nomli ko‘rgazma ham tashkil etildi. Ekspozitsiyada temuriylar davri me’morchiligi, badiiy madaniyati, kitobat san’ati, ilm-fan va ma’rifat an’analariga oid materiallar namoyish qilindi. Ayniqsa, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tomonidan tayyorlangan ilmiy hamda ilmiy-ommabop nashrlar xorijlik mehmonlarda qiziqish uyg‘otdi.
Fransiya Milliy kutubxonasidagi xazina
Parij safari davomida alohida ahamiyatga ega bo‘lgan uchrashuvlardan biri Fransiya Milliy kutubxonasida o‘tkazilgan muloqot bo‘ldi. Kutubxonaning Sharq qo‘lyozmalari to‘plami XVII asrdan boshlab muntazam boyitib borilgan. Ayniqsa, Fransiya qiroli Lyudovik XIV davrida arab, fors, turkiy va boshqa sharq tillaridagi asarlarni to‘plashga katta e’tibor qaratilgan.
E’tiborlisi, mazkur xazinada O‘zbekiston tarixi, mumtoz adabiyoti va ilmiy tafakkuriga oid bebaho qo‘lyozmalar ham mavjud. Xususan, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Haydar Xorazmiy kabi buyuk ajdodlarimiz asarlarining qo‘lyozma nusxalari ushbu fondlarda saqlanadi. Uchrashuv chog‘ida kutubxonada eski o‘zbek tilidagi 150 dan ortiq qo‘lyozma mavjudligi haqida ma’lumot berildi. Kutubxonaning Sharq qo‘lyozmalari bo‘yicha mutaxassisi, bo‘lim rahbari Loran Erishe bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda mazkur fondlarni o‘rganish, ilmiy tavsiflash va qo‘shma tadqiqotlar olib borish istiqbollari muhokama qilindi. Uchrashuvda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan nashr etilgan kitoblar fransuz mutaxassislariga taqdim etildi.
Luvr muzeyi va Parij Islom institutidagi muloqotlar
O‘zbekiston delegatsiyasi Fransiyaga tashrifi doirasida jahonning eng mashhur muzeylaridan biri – Luvrda ham bo‘ldi. Luvr muzeyi insoniyatning turli davrlari va sivilizatsiyalariga mansub badiiy hamda tarixiy merosni o‘zida mujassam etgan yirik madaniy maskandir. Uning ekspozitsiyalarida Qadimgi Misr, Yunoniston, Rim, Sharq mamlakatlari va boshqa sivilizatsiyalarga oid san’at namunalari namoyish etilgan.
Parij safari davomidagi yana bir muhim uchrashuv Parij katta masjidi – Grande Mosquée de Paris huzuridagi Islom institutida tashkil etildi. 1926-yilda ochilgan mazkur majmua Fransiya musulmonlari hayotida muhim o‘rin tutadi. Majmua me’morchiligida Sharq badiiy an’analari va Parij shaharsozlik muhitining o‘ziga xos uyg‘unligi namoyon bo‘ladi. Muassasa rektori Shamsiddin Hofiz Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda tarixiy-madaniy merosni asrash, diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash va ma’rifatni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berdi.
Darhaqiqat, bugun Prezidentimiz tashabbusi bilan O‘zbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini yaratish g‘oyasi hayotga izchil tatbiq etilmoqda. Ushbu jarayonda tarixiy xotirani tiklash, ilm-fanni qo‘llab-quvvatlash, jahonning ilg‘or ilmiy markazlari bilan hamkorlikni rivojlantirish muhim o‘rin tutadi.

– O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etish bilan birga, mamlakatimizning boy ma’naviy merosi, buyuk allomalarimizning jahon tamadduniga qo‘shgan beqiyos hissasini YUNESKO, BMT kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar minbarlarida, dunyoning yetakchi davlatlarida keng targ‘ib qilish g‘oyasi ham bevosita Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan, – dedi Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov. – Darhaqiqat, mazkur tashabbusning amaliy samaralarini bugun xalqaro ilmiy-madaniy muloqotlar misolida ko‘rib turibmiz. Bundan olti asrdan ziyod vaqt muqaddam Amir Temur va Fransiya qiroli Karl VI o‘rtasida diplomatik maktublar almashilgan bo‘lsa, bugun Toshkent va Parijni qo‘shma tadqiqotlar, ilmiy anjumanlar, muzeylar, qo‘lyozmalar va madaniy-ma’rifiy loyihalar bog‘lamoqda. Tarixiy aloqalarning bunday yangi mazmun kasb etishi O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi munosabatlarning mustahkamlanishi, Sharq va G‘arb ilmiy maktablari o‘rtasidagi hamkorlikning kengayishiga xizmat qiladi.
Demak, oldimizda turgan vazifa – ajdodlarimiz qoldirgan bebaho ilmiy-ma’naviy xazinani chuqur tadqiq etish, uni jahon ilm-fanining uzviy qismi sifatida namoyon qilish va zamonaviy taraqqiyot ehtiyojlariga xizmat qildirishdan iborat.
Rustam JABBOROV,
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi
markazi ilmiy kotibi.
O‘zA