O‘zXDP: jamiyatdagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda faol ishtirok etmoqda
Andijonda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi tashkil topganligining 35 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda nuroniylar, deputatlar, partiya faollari, partiya faxriylari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Unda O‘zbekiston xalq demokratik partiyasi viloyat kengashi raisi Mansurbek Maqsudov, partiyaning faxriy a’zolari Abdulhamid Nurmatov, O‘zbekiston Qahramoni Shukurjon Mamatqulov va boshqalar partiyaning shonli tarixi va buguni, o‘ziga xos an’analari, jamiyatdagi islohotlar, ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi faol ishtiroki, shuningdek, partiya tomonidan olib borilayotgan ishlar xususida so‘z yuritdi.
Tadbirda partiya tomonidan keyingi yillarda yurtimiz taraqqiyoti, jamiyat rivoji va xalqimiz ma’naviyati, ijtimoiy-siyosiy tafakkurini yuksaltirish, erkin fuqarolik jamiyatini shakllantirish, inson qadrini ulug‘lash, Yangi O‘zbekistonni barpo etish borasida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumotlar berildi.
[gallery-32280]
– Bugungi kunda viloyatimizda 113 ming 400 nafardan ziyod partiya a’zosi bor, – deydi partiya viloyat kengashi raisi Mansubek Maxsudov. – Bundan tashqari, xalq deputatlari tuman, shahar, viloyat kengashlariga partiyamiz a’zosi bo‘lgan 103 nafar deputat saylangan va ular samarali faoliyat olib bormoqda. Keyingi yillarda partiya tomonidan amalga oshirilayotgan “Quvonch va mehr ulashaylik” aksiyasi, “Deputat mahallada”, “Siyosatdagi yoshlar” loyihalari, shuningdek, ona-bola salomatligini muhofaza qilish hamda oilalarni mustahkamlash maqsadida doimiy o‘tkazib kelinayotgan tibbiy ko‘rik va salomatlik aksiyasi singari qator tadbirlar xalqimiz og‘irini yengil qilishga, aholining ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishga xizmat qilib kelmoqda.
Shuningdek, tadbirda ibratli ishlar ko‘lami va samaradorligini oshirish, jamiyatda inson qadrini ulug‘lash, xalqimizga xos mehr-oqibat rishtalarini mustahkamlash, partiyaning keng jamoatchilik bilan hamkorligini kuchaytirish, aholi bilan muntazam muloqot olib borishga qaratilgan ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish, partiyaning dasturiy maqsadlarini izchil amalga oshirish muhimligi alohida qayd etildi.
Bayram tadbirida partiyaning dasturiy maqsad va g‘oyalarini keng targ‘ib qilish, elektorat manfaatini himoya qilish hamda partiyaning jamiyatdagi nufuzini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shayotgan bir guruh faollar, deputatlar hamda partiya faxriylariga “O‘zbekiston xalq demokratik partiyasi iftixori” ko‘krak nishoni hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari