O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 3,9 foizgacha qisqardi (+video)
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi xabar berishicha, 2026-yilning dastlabki sakkiz oyida 515 mingta oila uchun individual rejalar ishlab chiqilgan. Natijada 161 ming fuqaro ishga joylashtirilgan, 304 ming nafari tadbirkorlikka jalb qilingan.
Mahallalarda 55 mingga yaqin mikroloyiha yo‘lga qo‘yilib, ular orqali 164 ming nafar aholining daromadi oshirilgan. Ko‘rilgan choralar natijasida kambag‘allik darajasi 5,8 foizdan 3,9 foizgacha pasaygan. Shuningdek, 49 ta tuman va 3429 ta mahalla “kambag‘allikdan xoli” hududga aylangani qayd etildi.
Aholi bandligi va daromadini oshirish bo‘yicha endilikda “avval tashxis – keyin yechim” tamoyiliga asoslangan yangi tizim joriy etilishi rejalashtirilgan.
Fuqarolarning holati uyma-uy o‘rganilib, ma’lumotlar “Onlayn mahalla” tizimiga kiritiladi va ular uchun individual rejalar shakllantiriladi.
Yil yakuniga qadar yana 230 mingta oilani kambag‘allikdan chiqarish hamda 1 million nafar aholining daromadini oshirish vazifasi belgilangan.
Muhayyo Turdaliyeva, Ismatov Ismatov, O‘zA