O‘zbekiston va Marokash: ko‘p qirrali munosabatlarni rivojlantirishga xizmat qiladigan hujjat imzolandi
Tanzaniyaning Arusha shahrida bo‘lib o‘tayotgan Parlamentlararo ittifoqning 153-assambleyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva Marokash Qirolligi Maslahatchilar palatasi raisi Muhammad Uld ar-Rashid bilan uchrashuv o‘tkazdi.
T.Norboyeva Marokash O‘zbekistonning Shimoliy Afrikadagi ishonchli hamkorlaridan biri ekani, ikki mamlakatni tarixiy, ma’naviy va madaniy yaqinlik bog‘lab turishini ta’kidladi.
Parlament diplomatiyasining ikki mamlakatni yanada yaqinlashtirishdagi o‘rniga alohida e’tibor qaratilib, o‘zaro tashriflarni faollashtirish, do‘stlik guruhlari doirasidagi aloqalarni kengaytirish hamda qonunchilik sohasida tajriba almashish muhimligi qayd etildi.
M.ar-Rashid parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar aloqalarni kengaytirish davlatlararo aloqalarni rivojlantirish o‘zaro aloqalarni rivojlantirishga, iqtisodiyotni barqarorlashtirishiga e’tibor qaratdi.

Iqtisodiy diplomatiya imkoniyatlaridan kengroq foydalanish, investitsiyalarni rag‘batlantirish va xususiy sektor vakillari o‘rtasida sheriklikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat xavfsizligi, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, energetika, savdo va muhim mineral resurslar hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari sifatida belgilandi.
Madaniy-gumanitar aloqalar va turizmni rivojlantirish masalalariga ham e’tibor qaratildi. Joriy yilda Marokashdan O‘zbekistonga qariyb 1,6 ming nafar sayyoh tashrif buyurgani ma’lum qilindi.
Marokash O‘zbekiston uchun Shimoliy Afrika, O‘zbekiston esa Marokash uchun Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan aloqalarni kengaytirishda muhim bog‘lovchi bo‘g‘in bo‘lib xizmat qilishi mumkinligi ta’kidlandi.

Parlamentlararo muloqotni tizimli yo‘lga qo‘yish maqsadida parlamentlararo komissiya tuzish va uning yig‘ilishlarini navbatma-navbat ikki mamlakatda o‘tkazish taklif qilindi. Birinchi yig‘ilishni O‘zbekistonda o‘tkazish tashabbusi bildirildi.
Uchrashuv yakunida parlamentlararo muloqotni tizimli va samarali yo‘lga qo‘yish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Marokash Qirolligi parlamenti Maslahatchilar palatasi o‘rtasida Parlamentlararo hamkorlik masalalari bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Mazkur hujjat ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi sheriklikni mustahkamlash va ko‘p qirrali munosabatlarni rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
Norgul Abduraimova, O‘zA