
O‘zbekcha Vikipediyada O‘zbekistonning Olimpiada o‘yinlaridagi ishtiroki haqida maqola e’lon qilindi.
Bugun, 26 iyul kuni, Parijda XXXIII Yozgi Olimpiada o‘yinlarining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi. Ushbu nufuzli sport tadbirida O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi ilk marotaba 90 nafar sportchi bilan ishtirok etmoqda.
O‘zbek sportchilari 19 ta sport turi bo‘yicha musobaqalashadi va bu yil ular ilk bora futbol, kamondan o‘q uzish va ayollar kurashi turlarida qatnashishadi. Bu ishtirok, shubhasiz, tarixiy ahamiyatga ega bo‘ladi.
Olimpiya o‘yinlarini dunyo bo‘ylab millionlab odamlar kuzatishmoqda va ulardan biri, o‘zbekcha Vikipediya administratori Nikolay Aretemev, bir necha oy davomida ma’lumot to‘plab, O‘zbekistonning Olimpiada o‘yinlaridagi ishtiroki haqida maqola tayyorladi. Mazkur maqola bilan ushbu havola orqali tanishishingiz mumkin: https://uz.wikipedia.org/wiki/Oʻzbekiston_2024-yilgi_Yozgi_Olimpiada_oʻyinlarida
O‘zbekcha Vikipediyaning tajribali foydalanuvchilari rasmiy manbalardan ma’lumotlar yig‘ib, bu ma’lumotlar asosida maqolalar kiritib boradilar. Ularning mehnati tufayli millionlab Vikipediya foydalanuvchilari o‘zbek sportchilari, ularning yutuqlari va sport musobaqalari haqida to‘liq ma’lumot olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
O‘zA