O‘zbekiston bog‘chalarida tarbiyalanayotgan bolalar soni 2,5 milliondan oshdi
Mamlakatimizdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanayotgan bolalar soni yildan-yilga ortib bormoqda.
2026-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, mamlakatimizdagi bog‘chalarda tarbiyalanayotgan bolalar soni 2 million 533,3 ming nafarga yetgan. Bu bir yil avvalgi ko‘rsatkichdan 183,3 ming nafarga ko‘p.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga asosan, bolalar soni 2024-yil yakuniga nisbatan 7,8 foizga oshgan. Bu o‘sish maktabgacha ta’lim tizimi oldidagi vazifalar ko‘lami kengayib borayotganini ham ko‘rsatadi.
Hududlar kesimida Farg‘ona viloyati birinchi o‘rinda. Bu yerda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 308,5 ming nafar bola tarbiyalanmoqda. Keyingi o‘rinlarni Samarqand viloyati — 288,9 ming nafar, Andijon viloyati — 263,8 ming nafar va Namangan viloyati — 225,4 ming nafar bilan egallagan.
Qashqadaryo viloyatida 218,6 ming nafar, Surxondaryo viloyatida 195,9 ming nafar bola bog‘chaga boradi. Toshkent viloyatida bu ko‘rsatkich 183 ming nafarni, poytaxtda esa 180,4 ming nafarni tashkil etadi.
Eng kam ko‘rsatkich Sirdaryo viloyatida qayd etilgan — 68,9 ming nafar. Navoiy viloyatida 79,3 ming nafar bola maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanmoqda.
Bog‘chaga qatnayotgan bolalar sonining ortishi ta’lim muassasalariga bo‘lgan ehtiyojni ham oshiradi. Bu jarayonda nafaqat yangi bog‘chalar tashkil etish, balki mavjud muassasalarning quvvati, tarbiyachilar bilan ta’minlanganlik darajasi, ta’lim sifati va bolalar uchun yaratilgan sharoitlar ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Ayniqsa, bolalar soni yuqori bo‘lgan hududlarda maktabgacha ta’lim xizmatlarini kengaytirish, olis mahallalardagi qamrovni oshirish va ota-onalar uchun qulay sharoit yaratish dolzarb vazifalardan hisoblanadi.
Zero, bog‘chaga borayotgan bolalar sonining ko‘payishi muhim ko‘rsatkich. Ammo tizim samaradorligi bolalarning nechtasi muassasaga qatnayotgani bilan birga, ular qanday ta’lim-tarbiya olayotgani bilan ham belgilanadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA