Nukusda navbatdagi sessiya bo‘lib o‘tdi
Nukusda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining o‘n to‘rtinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Unda Oliy Majlis Senati a’zolari, sektor va soha rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Sessiyani Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi A.Orinbayev olib bordi.
Sessiya kun tartibida dastlab “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi haqida»gi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonuni loyihasi to‘g‘risida”gi masala ko‘rib chiqildi. Ushbu masala yuzasidan Jo‘qorg‘i Kengesning qo‘mita raisi B.Seytnazarov ma’ruza qildi. Deputatlar mazkur Qonun loyihasini ma’qulladi va tegishli qaror qabul qildi.
[gallery-32046]
Keyingi masala “Qoraqalpog‘iston Respublikasining ayrim qonunlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonuni loyihasi haqida bo‘lib, bu masala bo‘yicha Jo‘qorg‘i Kengesning qo‘mita raisi A.Atajanov so‘zga chiqdi. Qonun loyihasi deputatlar tomonidan batafsil ko‘rib chiqilib, qaror qabul qilindi.
Sessiyada shuningdek Byudjet daromadlari rejasining bajarilishi va soliq qarzdorliklarini kamaytirishda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Soliq boshqarmasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijasi to‘g‘risidagi, Qoraqalpog‘iston Respublikasida aholini jamoat transporti bilan ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Transport vazirining hisoboti to‘g‘risidagi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 21-dekabrdagi “O‘zbekiston mahallalari uyushmasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish va mahallalarda boshqaruv tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosining hududlarda bajarilishi yuzasidan O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i hisoboti to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.
Shuningdek, deputatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi raisining o‘rinbosari – iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisini saylash to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdi. Ushbu lavozimga Zaripova Gauxar Sarsenbayevna nomzodi tavsiya etildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasining 70-moddasi 8-bandiga va “Sudlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 70-moddasiga muvofiq Gauxar Zaripova sudyalik lavozimida bo‘lishning muddatsiz davriga, shundan besh yil muddatga Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi raisining o‘rinbosari – iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi lavozimiga saylandi va tegishli qaror qabul qilindi.
Sessiyada o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Prezidiumi qarorlarini tasdiqlash to‘g‘risidagi masalalar ham ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston Respublikasining maxsus Qonunini qo‘llab, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqi hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan mulk huquqi e’tirof etilayotgan 18 ming 293 nafar fuqaroning ro‘yxati sessiya qarori bilan tasdiqlandi. Deputatlar ushbu masalalar yuzasidan qarorlar qabul qildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.