Namanganda «Uzbekistan Judo Tour» g‘oliblari aniqlandi
Yangi Namangan tumanidagi «Pahlavon» sport majmuasida dzyudo bo‘yicha «Uzbekistan Judo Tour» musobaqasining navbatdagi bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimizning turli hududlaridan tashrif buyurgan tajribali va yosh dzyudochilar erkaklar o‘rtasida 4 ta, ayollar o‘rtasida 2 ta vazn toifasida raqobatlashdi.
Musobaqa davomida Dilshodbek Baratov (–66 kg), Muhammaddo‘st Eshdavlatov (–81 kg), Og‘abek G‘aniyev (–100 kg), Fazliddin Rafiqov (+100 kg), Fotimaxon Tursunboyeva (–48 kg) va Dinora Samandarova (–63 kg) kabi dzyudochilarimiz barcha raqiblarini yengib, musobaqaning oltin medaliga sazovor bo‘ldi.
«Uzbekistan Judo Tour» musobaqasida oltita vazn toifasining har birida turli hudud vakillari chempionlikni qo‘lga kiritdi. Kumush medallar soniga ko‘ra Xorazm viloyati vakillari umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi. Buxoro va Namangan viloyatlari kuchli uchlikdan joy oldi.
Musobaqada birinchi o‘rin sohiblariga 22, ikkinchi o‘rin egalariga 14, uchinchi o‘rindan joy olgan polvonlarga 7 million so‘m pul mukofoti berildi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA