Milliy kinologiya markazining 30 yilligi nishonlandi
O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasining Milliy kinologiya markazi xizmat itlarini yetishtirish, o‘qitish va kinologiya sohasida mutaxassislar tayyorlaydigan davlat muassasasi sanaladi.
Milliy kinologiya markazi 1996-yilda tashkil qilingan bo‘lib, Jahon bojxona tashkilotining mintaqaviy markazi hisoblanadi. Bu yil markaz tashkil topganiga 30 yil to‘ldi. Shu munosabat bilan tashkil qilingan bayram tadbirida bojxona qo‘mitasi rahbariyati, soha faxriylari, hamkor tashkilot vakillari hamda markaz xodimlari ishtirok etdi.
Mehmonlar dastlab Milliy kinologiya markazidagi “Xotira majmuasi” poyiga gullar qo‘yib, marhum kinologlar xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

Shundan so‘ng mehmonlar markaz faoliyati, u yerda yaratilgan zamonaviy sharoitlar bilan tanishdi. Xususan, xizmat itlarini ko‘paytirish va parvarishlashga mo‘ljallangan tug‘uruqxona, ularni saqlash maskanlari, zamonaviy veterinariya xizmati va diagnostika xonalari, shuningdek, kinologlar hamda xizmat itlarining amaliy tayyorgarligini oshirishga xizmat qiluvchi o‘quv-mashg‘ulot maydonlari ko‘zdan kechirildi.
Shuningdek, xizmat itlarining maxsus tayyorgarligi, buyruqlarni bajarish mahorati va turli vaziyatlarda tezkor harakatlanish ko‘nikmalari aks ettirilgan ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etildi.

Ta’kidlash lozimki, markazda tayyorlangan kinolog va itlar giyohvandlik, sintetik hamda psixotrop modda, portlovchi moddalarni, qurol-yarog‘ va o‘q-dorilarni, valyuta, tamaki mahsulotlari va o‘simliklarni qidirishda yordam beradi. Shuningdek, ular minalarni qidiradi, qutqaruvchilarga yordam beradi, qo‘riqlash, qidiruv va terrorizmga qarshi operatsiyalarda ishtirok etadi.

So‘nggi yillarda Milliy kinologiya markazi faoliyatida tub o‘zgarishlar va jadal islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Milliy kinologiya markazida xorijiy davlatlarga xizmat itlarini eksport qilish yo‘lga qo‘yildi. Shu bilan birga, markaz mutaxassislari va kinologlar chet davlatlarda o‘z malakasini oshirib borishmoqda.
Bayram tadbirida sohadagi sa’y-harakatlar va erishilayotgan natijalar alohida e’tirof etildi hamda kinologiya sohasi fidoyilarining mehnatlari munosib taqdirlandi.
M.Komilova,
O‘zA