Milliy farmatsevtika mahsulotlarimiz Afg‘oniston bozoriga jadal kirib boradi
So‘nggi yillarda O‘zbekiston tashqi siyosatida qo‘shni mamlakatlar, xususan, Afg‘oniston bilan o‘zaro manfaatli va konstruktiv hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ustuvor vazifaga aylandi. Bu jarayonda nafaqat siyosiy va logistik aloqalar, balki yuqori texnologik soha hisoblangan farmatsevtika yo‘nalishida ham yangi imkoniyatlar eshigi ochilmoqda.
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasining Qobul shahriga tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy diplomatiyaning muhim xalqasi bo‘ldi. Tashrif doirasida Afg‘oniston sog‘liqni saqlash vaziri Mavlavi Nur Jalol hamda Dori vositalari va oziq-ovqat xavfsizligi boshqarmasi (AFDA) rahbariyati bilan o‘tkazilgan muzokaralar sohadagi mavjud to‘siqlarni bartaraf etish va eksport salohiyatini oshirishga qaratildi.

Muzokaralar markazida O‘zbekiston farmatsevtika mahsulotlarining Afg‘oniston bozoriga kirishidagi texnik to‘siqlar turdi. Xususan, dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlarining uzoq davom etayotgani mahalliy ishlab chiqaruvchilarimiz uchun asosiy qiyinchilik sifatida qayd etildi.
Shu bois, o‘zbek tomoni Afg‘oniston bozorida milliy mahsulotlar pozitsiyasini mustahkamlash bo‘yicha bir qator strategik takliflarni ilgari surdi.
Xususan, ro‘yxatdan o‘tkazish tizimini soddalashtirish jarayonni tezlashtiradi va dori vositalarining afg‘on iste’molchilariga yetib borishi ta’minlanadi.
O‘zbekiston kompaniyalarining Afg‘onistondagi davlat tenderlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirokini ta’minlash orqali eksport hajmi keskin oshadi.
Shuningdek, hamkorlik faqat mahsulot sotish bilan cheklanib qolmasligi, O‘zbekiston delegatsiyasi afg‘onistonlik mutaxassislarning malakasini oshirish, dori vositalari, tibbiy buyumlar va biologik faol qo‘shimchalar sifatini baholash tizimini takomillashtirishda yaqindan ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.
Bu yo‘nalishda ikki tomonlama texnik ishchi guruh tuzilishi belgilandi. Mazkur guruh yuzaga kelayotgan muammolarni tezkor hal etish va standartlarni muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanadi.
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, Afg‘oniston farmatsevtika bozori uchun O‘zbekiston nafaqat mahsulot yetkazib beruvchi, balki ishonchli ishlab chiqarish hamkoriga aylanishi mumkin. Uchrashuvda ishlab chiqarish kooperatsiyasini rivojlantirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Yirik afg‘on distribyutorlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarning o‘rnatilishi esa yetkazib berish zanjirini qisqartirish va dori vositalari tannarxini arzonlashtirishga xizmat qiladi.
Mohigul Qosimova, O‘zA