Meva va sabzavot eksporti oshmoqda
Farg‘ona viloyati 2025-yilda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining o‘zidan 450 mln dollarlik eksport qildi.Uning asosiy qismi xo‘l va quritilgan mevadir. Rossiya Federatsiyasining Perm, Omsk, Novosibirsk, Qozon, Moskva, Sankt-Peterburg shaharlarida Farg‘ona viloyati savdo uylari ishlab turibdi.
Ular ishi samaradorligini ta’minlashda viloyatdagi bir necha agrotuzilmalarning alohida o‘rni bor. Masalan, Quva tumanidagi «Quva Agro Star» MCHJda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishdan tortib, qo‘shimcha qiymat yaratish, saqlash, saralash, qayta ishlash, qadoqlash va eksportga yo‘naltirishgacha bo‘lgan yaxlit tizim yo‘lga qo‘yilgan.
O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi hududlari Kengashining III yig‘ilishi doirasida Farg‘ona viloyatiga tashrif buyurgan Rossiya hududlari delegatsiyalari mazkur agrokompleks faoliyati bilan tanishdilar.
Umumiy maydoni 3,5 gektar bo‘lgan majmuada yiliga 12 turdagi 5 ming tonnagacha mahsulotni yetishtirish va tayyorlash imkoniyati mavjud.
Majmuada in vitro laboratoriyasi va ko‘chatxona faoliyat yuritib, yiliga 1 milliondan ortiq ko‘chat yetishtirish imkoniyati yaratilgan. Bunda xorij tajribasidan foydalanilmoqda. Shuningdek, fermerlar va aholi uchun zamonaviy bog‘dorchilik texnologiyalarini o‘rgatuvchi Agrosanoat maktabi tashkil etilgan.
Bu yerda 3 500 tonna mahsulotni saqlashga mo‘ljallangan sovitish kompleksi, zamonaviy saralash-qadoqlash hamda IQF shokli muzlatish liniyalari mavjud. Italiya va Ispaniya texnologiyalari asosida jihozlangan ishlab chiqarish quvvatlari meva-sabzavot mahsulotlarini eksport talablari asosida tayyorlash imkonini beradi.
«Quva Agro Star» mahsulotlari Yaponiya va Angliya bozorlariga yetkazib berilmoqda. 2025-yilda ilk bor aviacharter orqali Yaponiya va Janubiy Koreya bozorlariga ham mahsulotlar eksport qilingan. Korxonada 80 nafardan ortiq xodim mehnat qiladi.
Majmuaning yetishtirishdan tortib, mahsulotni tashqi bozorga tayyorlashgacha bo‘lgan yaxlit tizimi Rossiya delegatsiyasi a’zolarining e’tiborini tortdi. Kelgusida Farg‘ona meva va sabzavotlari uchun Rossiya bozorlarini kengaytiramiz, deyishdi ular.
Muhammadjon Obidov,
O‘zA