Magistral gaz quvurlari muhofaza hududlarida qurilmalar soni qirqtaga kamaydi
Magistral gaz quvurlari atrofidagi muhofaza hududlarida qurilish ishlarini nazorat qilish, mavjud qurilmalarni xavfsiz hududga ko‘chirish va yangi noqonuniy qurilishlarning oldini olish gaz transporti tizimining xavfsiz ishlashini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
Bu haqda "O‘ztransgaz" AJ Magistral gaz quvurlarini ekspluatatsiya qilish departamenti boshlig‘i O‘tkir Nuriddinov quyidagilarni ma’lum qildi:
- Ayni paytda "O‘ztransgaz" aksiyadorlik jamiyati tomonidan 14 ming kilometrga yaqin magistral gaz quvurlariga xizmat ko‘rsatilmoqda. Ushbu quvurlar orqali yuqori bosimli tabiiy gaz tashiladi va ular atrofida muhofaza hududlari belgilangan.
Magistral gaz quvurlari atrofidagi yerlardan foydalanish tartibi belgilangan me’yor va talablar asosida tartibga solinadi. Quvurlar atrofidagi muhofaza hududlarida qurilish ishlarini amalga oshirishda xavfsizlik talablariga rioya etish, mavjud qurilmalarni belgilangan tartibda joylashtirish va noqonuniy qurilishlarning oldini olishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
2026-yil 1-yanvar holatiga "O‘ztransgaz" AJ tasarrufidagi magistral gaz quvurlari va tarmoqlarining muhofaza zonalarida jami 2 753 ta qurilma mavjud bo‘lgan. 26-oktabr holatiga kelib, ularning soni 40 taga kamaytirilib, 2 713 taga tushirilgan.
Hozirda muhofaza zonalarida mavjud qurilmalar hududlar kesimida quyidagicha taqsimlangan. Buxoro viloyatida 480 ta qurilma mavjud bo‘lib, ularning 370 tasi aholi xonadonlaridir. Navoiy viloyatidagi 240 ta qurilmaning 230 tasi, Qashqadaryo viloyatidagi 23 ta qurilmaning 18 tasi aholi xonadonlarini tashkil etadi.
Surxondaryo viloyatida 582 ta qurilmaning 578 tasi, Samarqand viloyatidagi 422 ta qurilmaning 346 tasi, Jizzax viloyatidagi 276 ta qurilmaning 263 tasi aholi xonadonlariga to‘g‘ri keladi.
Sirdaryo viloyatidagi 75 ta qurilmaning 64 tasi, Toshkent viloyatidagi 345 ta qurilmaning 275 tasi aholi xonadonlaridir. Farg‘ona va Andijon viloyatlarida jami 148 ta qurilma mavjud bo‘lib, ularning 116 tasi aholi xonadonlarini tashkil etadi. Namangan viloyatida esa 121 ta qurilmaning 109 tasi aholi xonadonlaridir.2 713 ta qurilmaning 2 369 tasi aholi xonadonlari, 78 tasi issiqxonalar bo‘lib, qolgan 266 tasi ishlab chiqarish ob’ektlari va noturar bino-inshootlardan iborat.
Muhofaza hududlarida qurilish ishlarining oldini olish maqsadida targ‘ibot va profilaktika tadbirlari ham olib borilmoqda. Jumladan, ommaviy axborot vositalarida, xususan, televideniye va gazetalarda 18-marta chiqish qilingan, aholi va tadbirkorlar uchun 25-marta profilaktik tadbir o‘tkazilgan.
Shuningdek, 4 711 ta qurilma egasiga va 3 600 dan ortiq yer egasiga ogohlantirish xatlari tarqatilib, tegishli dalolatnomalar rasmiylashtirilgan. Mahalliy davlat organlariga esa 283 ta murojaat xati yuborilgan.
Muhofaza hududlaridagi qurilmalarni xavfsiz joylarga ko‘chirish bo‘yicha sud ishlari ham olib borilmoqda. Jami 1 499 ta qurilmani ko‘chirish yuzasidan sudlarga da’vo arizalari kiritilgan bo‘lib, ularning 1 082 tasi bo‘yicha ijobiy hal qiluv qarorlari qabul qilingan.
Umuman, magistral gaz quvurlari muhofaza hududlaridagi mavjud qurilmalarni kamaytirish, yerdan foydalanish talablariga rioya etilishini ta’minlash va aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini kuchaytirish gaz ta’minoti infratuzilmasi xavfsizligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. Bunda profilaktik tadbirlar, mahalliy davlat organlari bilan hamkorlik va sud qarorlarining ijrosi mavjud muammolarni bosqichma-bosqich hal etishga xizmat qiladi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA