“Keksalar uchun turizm oyligi” doirasida 50 foizlik chegirma joriy etiladi
Turizm qo‘mitasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, 2026-yilning 1-noyabridan 30-noyabrigacha “Keksalar uchun turizm oyligi” doirasida madaniy meros ob’ektlari, davlat muzeylari hamda muzey-qo‘riqxonalarga tashrif buyuruvchi keksa yoshdagi fuqarolar uchun kirish chiptalariga 50 foizlik chegirma joriy etiladi.
Mazkur tashabbus keksa yoshdagi fuqarolarning tarixiy obidalar va muzeylarga tashrif buyurish imkoniyatlarini kengaytirish, ularning mazmunli hordiq chiqarishini rag‘batlantirish hamda mamlakatimizning boy tarixiy-madaniy merosi bilan yaqindan tanishishlariga ko‘maklashishga qaratilgan.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-sentabrdagi 1-son majlis bayonining 7-bandida “Keksalar uchun turizm oyligi” doirasida madaniy meros ob’ektlari va davlat muzeylariga tashrif buyuruvchilar uchun chegirmalar e’lon qilish choralarini ko‘rish vazifasi belgilangan.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA