Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Jizzax viloyati Do‘stlik tumanidagi “Bunyodkor” mahalla fuqarolar yig‘inida aholi ma’naviyatini yuksaltirishga qaratilgan ezgu tashabbus amalga oshirildi.
O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi Qahramon Quronboyev tashabbusi bilan mahalla kutubxonasiga 1000 dona turli badiiy adabiyotlar taqdim etildi. Ushbu xayrli ish mahalla aholisi, ayniqsa, yoshlar tomonidan katta mamnuniyat bilan qabul qilindi.
Taqdim etilgan kitoblar yoshlarning ma’naviy dunyoqarashini kengaytirish hamda jamoatchilikning bilimga bo‘lgan qiziqishini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.


***
Jizzax davlat pedagogika universitetida “Nuroniylardan talabalarga kitob sovg‘asi” aksiyasi yuqori saviyada tashkil etildi.
Tadbir doirasida universitetning tajribali ustozlari va faol ziyolilari tomonidan talaba-yoshlarga 600 dona ilmiy va badiiy adabiyotlar sovg‘a qilindi. Ushbu xayrli tashabbus professor Umirzoq Jumanazarov rahbarligida amalga oshirildi.
Taqdim etilgan kitoblar tarkibidan monografiyalar, o‘quv qo‘llanmalari va lug‘atlar ham o‘rin olgan bo‘lib, ular talabalarning bilim olish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi. Bunday tadbirlar ta’lim sifati oshishiga, ustoz-shogird an’analarining mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda.

***
Jizzax viloyatida 8-10-sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Moliyaviy savodxonlik” olimpiadasining tuman va shahar bosqichlari yuqori saviyada o‘tkazildi. Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentabrdagi 346-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.
Olimpiadada jami 214 nafar o‘quvchi ishtirok etib, moliyaviy huquqbuzarliklarga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha bilimlarini sinovdan o‘tkazdilar. Bellashuv eduX.center platformasi orqali onlayn tarzda o‘tkazilib, ishtirokchilar 30 ta test savoliga 90daqiqa davomida javob berdilar.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, eng yuqori ball to‘plagan uch nafar o‘quvchi viloyat bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.


***
Yangiobod tumanida “Prezident olimpiadasi” doirasida badiiy gimnastika bo‘yicha musobaqa bo‘lib o‘tdi. Mazkur sport tadbiri yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ularning iqtidorini namoyon etishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Musobaqada ishtirok etgan har bir sportchi o‘zining matonati, intizomi va tinimsiz mashg‘ulotlari samarasini namoyon etdi. Tomoshabinlar esa kelajak chempionlarining chiqishlarini katta qiziqish bilan kuzatdilar.
Tadbirda Jizzax viloyat badiiy gimnastika federatsiyasi raisi Anvar Normurodov ishtirok etib, g‘olib va sovrindorlarni taqdirladi.
Yakunda saralangan ishtirokchilar viloyat bosqichiga yo‘llanma oldi. Bunday musobaqalar yoshlarda sportga mehr, g‘alabaga intilish va yuksak maqsadlar sari intilish ruhini mustahkamlamoqda.


***
Forish tumanida qishloq xo‘jaligi sohasida zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish borasida amaliy ishlar olib borilmoqda.
Xalq deputatlari tuman Kengashi deputati Asad Ergashev Qizilqum mahallasida joylashgan “Qizilqumlik Abrorxo‘ja” oilaviy korxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. 10 gektar maydonda plyonka ostida tomchilatib sug‘orish usulida parvarishlanayotgan pomidor yetishtirish jarayoni o‘rganildi.

Suhbat davomida tomchilatib sug‘orish texnologiyasining suv tejashdagi ahamiyati, hosildorlikni oshirishdagi samaradorligi va erta hosil olish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, zamonaviy agrotexnologiyalarni keng joriy etish orqali resurslardan oqilona foydalanish va qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri