Jinoyat sudlarida 79 ming nafarga yaqin şaxsga oid işlar körib çiqildi: ularga qanday jazolar tayinlandi?
Jinoyat işlari böyiça sudlar – Özbekiston Respublikasi sud tizimida odil sudlovni amalga oşiruvçi, jinoyat va maʼmuriy huquqbuzarlik töğrisidagi işlarni körib çiquvçi mustaqil davlat organlari.
Ular öz faoliyatida inson huquq va erkinliklarini taʼminlaydi, fuqarolarning Konstitutsiya va xalqaro hujjatlarda kafolatlangan huquqlari, şaʼni va qadr-qimmatini sud orqali himoya qiladi. Jinoyat sodir etgan şaxslarni qonun doirasida javobgarlikka tortiş va aybsiz şaxslarni oqlaş orqali ijtimoiy adolatni qaror toptiradi.
Jinoyat işlari böyiça sudlar öz vakolatlari doirasida ijtimoiy xavfi katta bölmagan jinoyatlardan tortib, öta oğir jinoyatlargaça bölgan barça işlarni birinçi, apellyatsiya, kassatsiya va taftiş instansiyalarida körib çiqadi.
Qonunçilikda belgilangan tartibda maʼmuriy huquqbuzarliklarga oid işlarni körib, tegişli qarorlar qabul qiladi. Tergov jarayonida qamoqqa oliş yoki uy qamoği tarzidagi ehtiyot çoralarini qöllaş, muddatlarni uzaytiriş va tintuv ötkaziş kabi masalalar yuzasidan sud nazoratini olib boradi. Jazodan muddatidan ilgari şartli ozod qiliş, jazoni yengilroği bilan almaştiriş yoki sudlanganlikni olib taşlaş kabi işlarni hal qiladi.
Qonunçilikda belgilangan uşbu meʼyorlar doirasida mamlakatimiz jinoyat sudlari samarali faoliyat yuritmoqda. 2026-yilning 9 oyi davomida jinoyat işlari böyiça sudlar tomonidan 78 ming 739 nafar şaxsga nisbatan 64 ming 902 ta jinoyat işi körib çiqildi. 385 nafar şaxs (şundan 161 nafar qatağon qurboni) oqlanib, reabilitatsiya qilindi. Jinoyat işlarining salmoqli qismi Toşkent şahri, Farğona, Toşkent, Samarqand va Andijon viloyatlarida körildi.
– Sudlangan şaxslar soni 57 ming 376 nafarni taşkil etib, şundan 18 ming 26 nafar şaxsga ozodlikdan mahrum qiliş va 38 ming 737 nafariga boşqa turdagi jazolar tayinlandi, 613 nafar şaxs şartli hukm qilindi, – deydi Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Obidov. – Sudlangan şaxslarning 50 ming 435 nafari erkak, 6 ming 941 nafari ayol, 21 ming 670 nafari yoşlar (şu jumladan, 2 ming 97 nafari voyaga yetmagan) va 2 ming 52 nafari 60 yoşdan oşgan şaxslardir.

6 ming 377 nafar şaxs ozodlikdan mahrum etiş bilan boğliq bölmagan jazolar tayinlanişi munosabati bilan sud zalida qamoqdan ozod qilindi. 13 ming 938 nafar şaxsga nisbatan dastlabki tergov organlari tomonidan asossiz ravişda qöyilgan moddalar ayblovdan çiqarib taşlandi yoki qayta malakalandi.
47 nafar şaxsga (yoşlar, ayollar va boşqalar) kafolat xatlari asosida ozodlikdan mahrum qiliş bilan boğliq bölmagan jazolar tayinlandi. 26 ming 794 nafar şaxs jazoni ötaşdan muddatidan ilgari şartli ozod qilinib, 8 ming 761 nafar şaxsning jazosi yengilroği bilan almaştirildi.
Jinoyat işlarining aksariyatini öğrilik, transport vositalari harakati yoki ulardan foydalaniş xavfsizligi qoidalarini buziş, giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni yoki ularning analoglarini ötkaziş maqsadini közlamay qonunga xilof ravişda tayyorlaş, oliş, saqlaş va boşqa noqonuniy harakatlar taşkil etdi.
Firibgarlik, qasddan badanga yengil şikast yetkaziş, özlaştiriş yoki rastrata yöli bilan talon-toroj qiliş, bezorilik, qasddan badanga örtaça oğir şikast yetkaziş kabi jinoyatlar ham köproq qayd etildi.
Jinoyatlar sabablarini va ularning sodir etilişiga imkon bergan şart-şaroitlarni bartaraf qiliş töğrisida 34 ming 325 ta xususiy ajrim çiqarilib, tegişliligi böyiça yuborildi. Yaraşuv institutining samarali qöllanilişi natijasida 18 ming 844 nafar şaxs jinoiy javobgarlikdan ozod etildi.
Yuqori instansiya sudlarida körilgan işlar tahliliga köra, apellyatsiya tartibida 8 ming 659 nafar şaxsga nisbatan 6 ming 509 ta jinoyat işi körib çiqildi. Natijada 314 nafar şaxsga oid birinçi instansiya qarorlari bekor qilinib, 1 ming 830 nafar şaxsga nisbatan çiqarilgan qarorlar özgartirildi.
Kassatsiya tartibida 5 ming 60 nafar şaxsga nisbatan 4 ming 504 ta jinoyat işi körildi. Ularning 354 nafariga nisbatan birinçi instansiya qarorlari bekor qilindi, 1 ming 188 nafar şaxsga oid sud qarorlari esa özgartirildi.
Taftiş tartibida 4 ming 576 nafar şaxsga nisbatan 3 ming 931 ta jinoyat işi körib çiqilib, 114 nafar şaxsga oid quyi sud qarorlari bekor qilindi va 492 nafar şaxsga nisbatan çiqarilgan qarorlar özgartirildi.
Oliy sud sudlov hayʼatida (taftiş tartibida) 646 nafar şaxsga nisbatan 567 ta jinoyat işi körildi. Şundan 95 nafar şaxsga oid quyi sud qarorlari bekor qilinib, 188 nafar şaxsga nisbatan çiqarilgan qarorlar özgartirildi.
Norgul Abduraimova,
ÖzA