Intellektual mulk ob’ektlari muhofazasi takomillashtiriladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqildi. Jumladan, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga intellektual mulkni huquqiy muhofaza va himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, mamlakatimizda intellektual mulk sohasini tizimli isloh qilish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Intellektual faoliyat natijalarini yaratish, ularga huquqiy muhofaza berish hamda ishonchli himoyasini ta’minlash imkonini beruvchi zamonaviy intellektual mulk ekotizimini shakllantirish yo‘nalishida muhim chora-tadbirlar olib borilmoqda.
Ammo shunga qaramay, tadbirkorlik faoliyati uchun qulay ishbilarmonlik muhitini ta’minlash, ma’muriy tartib-taomillarni soddalashtirish va investitsiyaviy jozibadorlikni oshirishga qaratilgan huquqiy mexanizmlarni takomillashtirishda sanoat mulki va mualliflik huquqi sohasidagi ayrim qoidalarni xalqaro amaliyot va shartnoma erkinligi tamoyillariga muvofiqlashtirish zarurati yuzaga kelmoqda.
Shu maqsadda ishlab chiqilgan qonun loyihasiga ko‘ra, intellektual mulk ob’ektlari bo‘yicha davlat ekspertizasi qarorlaridan norozi bo‘lgan shaxslarga bevosita sudga murojaat qilish huquqi berilmoqda.
Shuningdek, qonun loyihasi bilan xizmat asarlariga oid mulkiy huquqlarning asar oshkor qilinganidan 10 yil muddat o‘tgandan so‘ng avtomatik tarzda muallifga o‘tishiga oid qoida bekor qilinmoqda. Bu orqali tomonlarning kelishuviga ustuvor ahamiyat berish, investitsiya muhitini yaxshilash hamda innovatsion mahsulotlar yaratish jarayonida huquqiy barqarorlikni ta’minlash nazarda tutilmoqda.
Shu bilan birga, patentlarni o‘z kuchida saqlash uchun belgilangan bojlarni oldindan 5 yillik davr uchun to‘lash imkoniyatini yaratish ko‘zda tutilmoqda.
Qayd etilganidek, mazkur qonun loyihasi intellektual mulk ob’ektlarini muhofaza va himoya qilish tartiblarini takomillashtirishga, mahalliy va xorijiy investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga, tadbirkorlar uchun bozorga kirish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi. Intellektual mulk egalarining huquqlarini kengaytiradi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA