Infarkt va insultning oldini olish yuzasidan chora- tadbirlar begilab olindi
Yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklar inson hayoti va salomatligiga jiddiy xavf tug‘diruvchi xastaliklar sirasiga kiradi. Kasallikni barvaqt aniqlash, xavf omillarini nazorat qilish, bemorga o‘z vaqtida va sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish ko‘p hollarda inson hayotini saqlab qolishda muhim omil bo‘ladi. Shu boisdan ham yurtimizda mazkur yo‘nalishdagi kasalliklarning oldini olish, ularni erta aniqlash va davolash tizimini yanada takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Namanganda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumani Prezidentimizning 2026-yil 20-yanvardagi “O‘tkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarning oldini olish chora-tadbirlarini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, erishilayotgan natijalar va mavjud vazifalarga bag‘ishlandi.
Tadbirda ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar, shuningdek, viloyat shifo muassasalari, shahar va tumanlar tibbiyot birlashmalari, respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarining filiallari mutasaddilari ishtirok etishdi.

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Jahongir Erkinov Namanganda davlatimiz rahbarining qaroridan kelib chiqqan holda, infarkt va insultga qarshi kurashish milliy dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtaldi.
Ta’kidlanganidek, “Infarkt va insultga qarshi kurashish” milliy dasturi 2026-yil 1-maydan Samarqand viloyati va Toshkent shahrida, 1-oktabrdan esa Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida joriy etildi. 2027-yildan dasturni boshqa hududlarda ham bosqichma-bosqich tatbiq etish belgilangan.

Profilaktikada 30 yoshdan oshgan aholiga alohida e’tibor qaratiladi. Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida fuqarolar infarkt va insult xavf omillari bo‘yicha tekshiriladi. Qon bosimi, qondagi qand va xolesterin miqdori kabi ko‘rsatkichlar nazorat qilinadi. Xavf guruhiga kiruvchi shaxslar elektron reyestrga olinib, ularning holatidan kelib chiqib, sog‘lomlashtirish choralari belgilanadi.
Kasalliklarning oldini olishda aholi xabardorligi ham katta ahamiyat kasb etadi. Infarkt va insultning dastlabki belgilari, bunday vaziyatda birinchi navbatda qanday harakat qilish va tez tibbiy yordamga murojaat etish zarurligi haqida tushuntirish ishlari kuchaytiriladi. Insult alomatlarini tez tanishga o‘rgatuvchi “Fast” algoritmi asosida ta’lim muassasalarida mashg‘ulotlar o‘tkazilishi ham belgilangan.

Shoshilinch tibbiy yordamda esa «oltin soat» tamoyili ustuvor bo‘ladi. Bemorni aniqlashdan tortib, uni ixtisoslashtirilgan muassasaga yetkazishgacha bo‘lgan jarayonlar yagona klinik marshrutlar asosida tashkil etiladi. Tez tibbiy yordam brigadalari telemetrik elektrokardiograflar bilan jihozlanadi. Tekshiruv natijalarini sun’iy intellekt yordamida tahlil qilish, tez yordam brigadasi va shifoxona o‘rtasida real vaqtda ma’lumot almashish imkoniyati yaratiladi.
Tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon tomir kasalliklari markazlarida 24 soat ishlaydigan infarkt va insult brigadalari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Tromb erituvchi dori vositalari, stentlash va insultda qon tomir jarrohligi uchun zarur sarflov materiallari bilan ta’minlash masalasi ham tizimli hal etiladi.

Yangi tizimning yana bir muhim bo‘g‘ini – tibbiyot xodimlarining amaliy tayyorgarligi bo‘lib, oilaviy shifokorlar va hamshiralar, tez tibbiy yordam brigadalari, tuman va viloyat shifoxonalari mutaxassislari uchun infarkt va insultni erta aniqlash, diagnostika qilish, trombolitik muolajalarni o‘tkazish hamda shoshilinch yordam ko‘rsatish bo‘yicha o‘quvlar tashkil etiladi. Xorijiy mutaxassislar ishtirokida malaka oshirish va qayta tayyorlash ishlari ham yo‘lga qo‘yiladi.
Respublika bo‘yicha milliy dasturni amalga oshirish uchun joriy yilda 240,5 milliard so‘m yo‘naltirilishi belgilangan. Ushbu mablag‘lar tromb erituvchi dori vositalari, insult diagnostikasi uchun zarur jihozlar, stentlash va insultda qon tomir jarrohligi uchun dori hamda sarflov materiallari, tez tibbiy yordam brigadalarini T-EKG va monitorli defibrillyatorlar bilan jihozlash kabi xayrli ishlarga sarflanadi. 2027-yildan boshlab har yili davlat byudjetida milliy dastur tadbirlarini moliyalashtirish uchun kamida 280 milliard so‘m rejalashtiriladi.

Belgilangan choralar natijasi ham aniq ko‘rsatkichlar bilan baholanadi. 2030-yilga qadar infarkt va insultdan gospital o‘limni 40 foiz, shifoxonagacha bo‘lgan o‘limni 30 foiz, kasallikdan keyingi nogironlikni 30 foizga qisqartirish maqsad qilingan. “Oltin soat”da shoshilinch yordam ko‘rsatish qamrovini o‘tkir koronar sindromda 90 foiz, ishemik insultda 20 foizga yetkazish vazifasi qo‘yilgan.

Namangan viloyatida ham bu boradagi vazifalarni bosqichma-bosqich hayotga tatbiq etish, aholi o‘rtasida profilaktik ishlarni kuchaytirish, tibbiy xizmatning shoshilinch va ixtisoslashtirilgan bo‘g‘inlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan ishlar davom ettiriladi.
Anjumanda infarkt va insult holatlarida shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Bunday vaziyatlarda tibbiy yordam qanchalik tez ko‘rsatilsa, bemorning hayotini saqlab qolish va keyingi asoratlarni kamaytirish imkoniyati shunchalik yuqori bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan, shoshilinch tibbiy yordam tizimi, ixtisoslashtirilgan bo‘limlar va diagnostika xizmatlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish muhim ahamiyatga ega.

Viloyatda tibbiyot muassasalarida bemorlarga zarur tibbiy yordam ko‘rsatish uchun yaratilgan sharoitlar, zamonaviy diagnostika imkoniyatlari va ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlar haqida ham jurnalistlarga batafsil gapirildi.
Shuningdek, davolash tibbiyot maskanlarida raqamli texnologiyalardan foydalanish, tibbiy xizmatlarni elektron shaklga o‘tkazish, ma’lumotlarning shaffofligi va bemorlarga qulaylik yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham ma’lumotlar berildi.

Zero, raqamlashtirish nafaqat vaqtni tejash, balki tibbiy jarayonlarni nazorat qilish, ma’lumotlar almashinuvini tezlashtirish va xizmatlar sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Binobarin, tibbiyotdagi islohotlardan muddao eng avvalo, bemorni og‘ir ahvolga tushgandan keyin davolash emas, balki kasallikni ilk bosqichida aniqlash va uning oldini olishdir.
Matbuot anjumanida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga tegishli mutaxassislar batafsil javob qaytardilar.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri