Ikki buyuk dahoga ta’zim
Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalari institutida “Ikki buyuk dahoga ta’zim” mavzusida adabiy-badiiy, ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Besh asrkim nazmiy saroyni,
Titratadi zanjirband bir sher.
Temur tig‘i yetmagan joyni,
Qalam bilan oldi Alisher.
Institut professor-o‘qituvchilari, shoir va yozuvchilar, talaba-yoshlar ishtirokida buyuk mutafakkir, so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy tavalludinig 580 yilligi hamda shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 538 yilligi oldidan o‘tkazilgan tadbir talaba-yoshlarning she’riy chiqishlari bilan boshlandi.


Tadbirda jahon adabiyoti, ilm-fani ravnaqiga salmoqli hissa qo‘shgan ikki buyuk daho hayoti va ijodini, ularning bebaho adabiy merosi, insonparvarlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan asarlarini o‘rganish, keng targ‘ib etish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi, bu ayniqsa, yoshlarning adabiyotga qiziqishi, qalblarida vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qilayotganligi ta’kidlandi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, “Do‘stlik” ordeni sohibi Farid Usmon, “Shuhrat” medali sohibi Habib Siddiq buyuk mutafakkir, g‘azal mulkining sultoni Alisher Navoiy, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodi, ularning ulkan ma’naviy va ijodiy merosi, mamlakatimizda aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ma’naviy merosni yuksak ma’naviyatli yoshlarni tarbiyalashdagi ahamiyati xususida fikr-mulohazalar bildirdi.


– Navoiy, Boburni qancha ko‘p o‘qisak, ularning ijodini qancha chuqur o‘rgansak, ularning betakror ijodini shu qadar teranroq anglab boraveramiz, – deydi shoir Farid Usmon. – bugungi tadbir ham ishtirokchilar, ayniqsa, yoshlarimizga ulug‘ daholarning yangi qirralarini, ijodiy merosining o‘ziga xos jihatlarini ochib berishga yordam berdi.
Talabalar tomonidan namoyish etilgan badiiy dastur, sahna ko‘rinishlari, Navoiyning g‘azalu ruboyilari, shoir g‘azallari asosida ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar, ijodkor yoshlar mushoirasi tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA