Ijtimoiy taşabbuslar samaradorligi: xalqaro tajriba va Özbekiston uçun yangi imkoniyatlar
Bugungi kunda ijtimoiy muammolarni hal etişda davlat idoralari bilan bir qatorda fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat notijorat taşkilotlari va xususiy sektorning hamkorligi tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Biroq, har qanday taşabbusning qadri faqat uning amalga oşirilişi bilan emas, balki odamlar hayotida qanday ijobiy özgarişlarga sabab bölgani bilan ölçanadi. Şu nuqtai nazardan, ijtimoiy loyihalarning samaradorligini oşiriş, ularning natijalarini barqaror saqlab qoliş va ilğor xalqaro tajribani milliy amaliyotga tatbiq etiş dolzarb vazifalardan biridir.
Xöş, ijtimoiy taşabbuslar haqiqiy natija berişi uçun nimalarga eʼtibor qaratiş lozim? Xalqaro tajribada qanday samarali yondaşuvlar mavjud va ulardan Özbekiston şaroitida qanday foydalaniş mumkin? Bu haqda Barqaror rivojlaniş markazi Xalqaro aloqalar va loyihalar bilan işlaş bölimi boşliği Muslim Ergaşbayev bilan suhbatlaşdik.
– Bugungi kunda ijtimoiy taşabbuslarning samaradorligini oşirişda qaysi jihatlarga eʼtibor qaratiş zarur?
– Özbekistonda nodavlat notijorat taşkilotlarini qöllab-quvvatlaş, davlat ijtimoiy buyurtmalari va grantlar ajratiş, jamoatçilik nazoratini amalga oşirişning huquqiy hamda taşkiliy mexanizmlari şakllangan. Endilikda ularning amaliy natijadorligini oşiriş muhim vazifalardan biridir. Buning uçun ijtimoiy loyihalarni baholaşda ötkazilgan tadbirlar yoki iştirokçilar soni bilan çeklanmasdan, aholi hayotida yuz bergan özgarişlarni ham hisobga oliş zarur. Masalan, yoşlarni kasbga öqitiş dasturining natijasi faqat bitiruvçilar soni bilan emas, ularning işga joylaşişi va mehnat faoliyatini davom ettirişi bilan ham belgilanişi kerak.
Yana bir dolzarb masala muvaffaqiyatli taşabbuslarning grant muddati tugagaç töxtab qolişidir. Bunga köpinça loyiha natijalaridan keyinçalik qaysi taşkilot foydalanişi va buning uçun qanday resurslar talab etilişi oldindan belgilanmagani sabab böladi. Şu bois ijtimoiy loyihalarni qöllab-quvvatlaşda ularning amaliy samarasi bilan bir qatorda, erişilgan natijalardan kelgusida foydalaniş imkoniyatlarini ham közda tutiş maqsadga muvofiq.
– Xalqaro tajribada ijtimoiy loyihalarni moliyalaştirişning qanday samarali usullari mavjud?
– Turkiyada BMT Taraqqiyot dasturi va xususiy sektor hamkorligida hayotga joriy etilgan BOOST Civil Society Technology Challenge dasturi eʼtiborga molik. Unda dastlab 20 ta jamoat taşkiloti uç oylik öquv va ekspertlik kömagi dasturida iştirok etgan. Keyingi bosqiçda istiqbolli deb topilgan beşta taşkilotga 24 haftalik qöşimça kömak va öz işlanmalarini rivojlantiriş uçun 10 ming AQŞ dollarigaça mablağ oliş imkoniyati berilgan.
Uşbu tajribaning asosiy afzalligi ijtimoiy taşabbuslarni bosqiçma-bosqiç rivojlantirişga asoslanganidir. Dastlab taşkilotlarga öz ğoyalarini takomillaştiriş va ularning amaliy imkoniyatlarini tekşiriş uçun şaroit yaratiladi. Keyin esa istiqbolli yeçimlarga qöşimça resurslar yönaltiriladi.
Masalan, nogironligi bölgan yoşlarni işga joylaştirişga oid yangi dasturni dastlab kiçik guruhda sinovdan ötkaziş mumkin. Bu orqali kasbiy tayyorgarlikning qaysi usullari va iş beruvçilar bilan hamkorlikning qanday şakllari yaxşi natija berayotgani aniqlanadi. Ana şu maʼlumotlar asosida loyihani kengaytiriş töğrisida qaror qabul qiliş moliyaviy xavflarni kamaytirişga xizmat qiladi.
– Grant yoki xalqaro dastur yakunlanganidan keyin ijtimoiy loyihalar natijalarini saqlab qoliş borasida qanday tajribalar mavjud?
– Indoneziyadagi SINERGI dasturi bu jihatdan qiziqarli. Yoşlar bandligini qöllab-quvvatlaşga doir mazkur taşabbus davlat muassasalari, jamoat taşkilotlari, taʼlim markazlari va xususiy korxonalar hamkorligida amalga oşirilgan. Dasturga 300 dan ortiq kompaniya jalb etilgan, 15 mingdan ziyod yoşlar qamrab olingan hamda ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand guruhlarga mansub 1500 nafardan ortiq yoş uçun yangi bandlik imkoniyatlari yaratilgan.
Mazkur tajribaning muhim jihati kasbiy taʼlimni iş beruvçilar ehtiyojlari bilan boğlaş va muvaffaqiyatli yeçimlarni mahalliy rejalaştiriş hamda moliyalaştiriş mexanizmlari orqali davom ettirişga intilişdir. Masalan, NNT tomonidan işlab çiqilgan kasbga öqitiş uslubi yaxşi natija bersa, undan keyinçalik tegişli taʼlim muassasalari foydalanişi mumkin. Buning uçun loyiha boşlanişidan oldin manfaatdor muassasalar bilan kelişiş, mutaxassislarni tayyorlaş va zarur resurslarni aniqlaş muhim. Bunday yondaşuv samarali işlanmalarni doimiy ravişda yangi grantlarga boğlab qöymasdan, mavjud imkoniyatlardan foydalanişga yordam beradi.
– Ijtimoiy şeriklikda taşkilotlar örtasidagi masʼuliyatni belgilaş qançalik muhim?
– Bu borada Hindistonning TESTA dasturi diqqatga sazovor. U odam savdosidan jabrlangan şaxslarga yordam körsatiş tizimini takomillaştirişga qaratilgan bölib, davlat muassasalari, huquqiy xizmatlar, ijtimoiy xodimlar va jamoat taşkilotlarini birlaştirgan. Dasturda hamkorlik böyiça masʼuliyat alohida xodimlarga emas, tegişli muassasalarga biriktirilgan. Natijada masʼul şaxs almaşganda ham taşkilot zimmasidagi vazifalar saqlanişi nazarda tutilgan.
Bu tajriba Özbekistondagi ijtimoiy va xalqaro loyihalar uçun ham ahamiyatli. Xususan, hamkorlik kelişuvlarida har bir taşkilotning vazifasi, ijro muddatlari, axborot almaşiş tartibi va kadrlar almaşganda tugallanmagan işlarni davom ettiriş mexanizmini aniq belgilaş lozim. Bu qöşma taşabbuslarning alohida şaxslarga boğliqligini kamaytirib, taşkilotlar örtasidagi hamkorlikning izçilligini taʼminlaydi.
– Uşbu xalqaro tajribalardan kelib çiqib, Özbekistonda ijtimoiy loyihalarni qöllab-quvvatlaş tizimini qanday takomillaştiriş mumkin?
– Avvalo, davlat ijtimoiy buyurtmalari va grant tanlovlarida loyihalarni baholaş mezonlarini yanada aniqlaştiriş muhim. Taşkilot taqdim etgan taklifda faqat bajariladigan işlar emas, balki hal etilişi közda tutilgan muammoning kölami, kutilgan natijalar va ularni aniqlaş usullari ham asoslab berilişi lozim. Bu tanlov jarayonida ijtimoiy ahamiyatga ega taşabbuslarni ajratib olişga yordam beradi.
Ikkinçidan, yangi ijtimoiy xizmatlar yoki öqitiş uslublarini işlab çiqişga qaratilgan grantlar uçun dastlabki sinov bosqiçini joriy etiş mumkin. Bunda taşkilotga öz taklifini kiçik miqyosda tekşiriş imkoniyati beriladi. Qöşimça mablağ ajratiş masalasi esa mustaqil baholaş natijalari asosida hal qilinadi. Bu usuldan barça loyihalarda emas, avvalo, yangi yeçimlarning samaradorligini amalda tekşiriş zarur bölgan yönalişlarda foydalaniş maqsadga muvofiq.
Uçinçidan, ijtimoiy loyihalar natijalarini baholaşda ularning xususiyatidan kelib çiqiş kerak. Masalan, bandlik dasturlarida iştirokçilarning qançasi işga joylaşgani va olti oydan keyin ham mehnat faoliyatini davom ettirayotgani aniqlanişi lozim. Şu bilan birga, erişilgan natijalar sarflangan mablağlar bilan soliştirilsa, qaysi yondaşuv iqtisodiy jihatdan samaraliroq ekanini baholaş mumkin.
Samaradorligi tasdiqlangan ijtimoiy loyihalarning işlanmalari va tajribasidan boşqa taşkilotlar ham foydalanişi uçun imkoniyat yaratiş zarur. Buning uçun tegişli davlat muassasalari, NNTlar va oliy taʼlim taşkilotlari hamkorligida muvaffaqiyatli yeçimlarni örganiş hamda ularni amaliyotga tatbiq etiş tartibini işlab çiqiş mumkin.
Sönggi yillarda Özbekistonda davlat ijtimoiy buyurtmalari va grantlar orqali nodavlat notijorat taşkilotlarini qöllab-quvvatlaş bilan birga, uşbu jarayonlarni raqamlaştirişga ham eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, ngo.gov.uz yagona elektron platformasi orqali grant tanlovlariga ariza topşiriş, ularning körib çiqilişini kuzatiş va tanlov yönalişlari muhokamasida iştirok etiş imkoniyatlari yaratilgan.
Kelgusida mazkur platformaning imkoniyatlarini kengaytirib, moliyalaştirilgan loyihalarning ijtimoiy natijalarini ham aks ettiriş maqsadga muvofiq. Xususan, ajratilgan mablağlar va bajarilgan işlar haqidagi maʼlumotlar bilan bir qatorda, loyiha tufayli qanday özgarişlarga erişilgani hamda bu natijalar grant yakunlanganidan keyin qay darajada saqlanib qolgani haqidagi maʼlumotlarni joylaştiriş mumkin. Bu davlat mablağlari hisobidan qöllab-quvvatlangan taşabbuslarning samaradorligini tahlil qiliş va keyingi grant tanlovlari yönalişlarini belgilaşda avvalgi tajribadan foydalaniş imkonini beradi.
Mazkur çoralarni amaldagi mexanizmlar doirasida, qonunçilik talablarini hisobga olgan holda bosqiçma-bosqiç qöllaş davlat va fuqarolik jamiyati institutlari örtasidagi ijtimoiy şeriklikning natijadorligini oşirişga xizmat qiladi. Bu esa Barqaror rivojlaniş maqsadlariga erişişda mavjud mablağ va imkoniyatlardan yanada samarali foydalaniş uçun muhimdir.
ÖzA muxbiri
N.Usmonova suhbatlaşdi.