«Göröğli» – turkiy xalqlar taqdirnomasi
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazida «Özlik» maʼrifiy loyihasi doirasida navbatdagi adabiy-badiiy tadbir ötkazildi. «Göröğli» – turkiy xalqlar taqdirnomasi» deb nomlangan uşbu tadbirda baxşiçilik va dostonçilik sanʼatining öziga xos xususiyatlari, uning tarixiy ildizlari hamda bugungi ahamiyati haqida söz yuritildi.
Aytiş joizki, mazkur loyiha til, tarix, adabiyot, folklor va boşqa yönalişlarning eng muhim hamda qiziqarli jihatlarini keng jamoatçilikka sodda va zamonaviy şakllarda yetkazişga qaratilgani bilan ahamiyatli. Folklorşunos olimlar, baxşilar, maʼnaviyat tarğibotçilari va adabiyotşunoslar iştirokidagi tadbirda milliy maʼnaviy merosimizning bebaho namunalariga oid qimmatli maʼlumotlar taqdim etildi.
– Baxşilar dostonlarni badiha yöli bilan ijro etadi, – deydi Özbekiston xalq baxşisi Qahhor baxşi Rahimov. – Ular insonning içki keçinmalarini, qalbidagi tuyğularini his etib, şu zahotiyoq badiiy sözga aylantiradi. Bu jarayonda baxşining xotirasi, ijodiy mahorati va ilhomi muhim ahamiyat kasb etadi. Mana şu badiha yölidir. Baxşilar aynan şu sanʼat orqali öz mahoratini namoyon etib, el orasida şuhrat qozonganlar.

Darhaqiqat, badiha yöli, avvalo, içki ovoz, ijodiy ilhom va ijroçining mahoratiga tayanadi. Bir joyda aytilgan doston yoki badiiy parça boşqa bir joyda ijro etilganda, muayyan jihatlari bilan farq qilişi mumkin. Çunki baxşi har bir yangi davrada öz ijrosiga öziga xos ruh, mazmun va ohang bağişlaydi. Şu tariqa, badiha jarayonida asarning ayrim badiiy jihatlari yangilanib, boyib boradi. Bu jarayonda taʼsirçan ijrolar, gözal badiiy ifodalar va betakror taqdimotlar yuzaga keladi. Bularning barçasi baxşiçilik sanʼatining öziga xos xususiyatlaridan hisoblanadi.
Maʼlumki, «Göröğli» eposi özbek xalq oğzaki ijodining yirik namunalaridan biri bölib, Markaziy Osiyo, Kavkaz va Yaqin Şarq xalqlari orasida keng tarqalgan. Uşbu epik turkumda Göröğlining hayoti, sarguzaştlari, oilasi, safdoşlari va avlodlari bilan boğliq voqealar hikoya qilinadi. Epos özbek, turkman, ozarbayjon, qozoq, qoraqalpoq, turk va boşqa xalqlar folklorida turli versiya va variantlarda uçraydi. Ularning mazmuni, qahramonlari va voqealar rivojida öziga xos farqlar mavjud. Ilmiy adabiyotlarda eposning Şarqiy va Ğarbiy tarmoqlari alohida ajratiladi.
Özbek «Göröğli» turkumi köplab mustaqil dostonlardan taşkil topgan. Xalq orasida u «Qirq doston» nomi bilan ham maşhur. Biroq, folklorşunoslikda turkumga mansub dostonlar soni qirqta bilan çeklanmasligi, ularning yuzdan ortiq namunalari mavjudligi haqida ham maʼlumotlar keltiriladi. Turkum tarkibida «Göröğlining tuğilişi», «Göröğlining bolaligi», «Zaydinoy», «Yunus pari», «Misqol pari», «Malla savdogar» va boşqa dostonlar örin olgan.
Tadbirda taniqli folklorşunos olim Şomirza Turdimov hamda jurnalist Farrux Jabborov milliy dostonçilik sanʼatini bugungi avlodga zamonaviy media vositalari orqali qiziqarli va taʼsirçan tarzda yetkaziş, xalq oğzaki ijodi namunalarini keng tarğib qiliş yuzasidan öz fikr-mulohazalarini bildirdi.
Darhaqiqat, “Göröğli” dostoni asrlar oşa bir-biriga ruhan, maʼnaviy va taqdir bilan boğlangan turkiy xalqlarning umumiy taqdirnomasidir. Unda ajdodlarimizning orzu-umidlari, dardu armonlari, erk va adolat yölidagi kuraşlari, mardlik va vafo, insoniylik, mehr-oqibat, oriyat va diyonat haqidagi qaraşlari mujassam. Uning har bir sözida xalq xotirasi, har bir kuyida ajdodlar ovozi, har bir qahramonida esa turkiy xalqlarning ölmas ruhi yaşaydi. “Göröğli” asrlar qaʼriga sayohat qilişga imkon beruvçi, tariximizni eslatuvçi, bugungi özligimizni anglatuvçi va kelajak avlodlarga maʼnaviy meros bölib qoluvçi buyuk xalq dostoni.
Nazokat Usmonova,
ÖzA muxbiri