G‘olibof: Eron neft sotmasa, mintaqadagi hech bir mamlakat ham xom ashyo sota olmaydi
Eron parlamenti spikeri Muhammad Bag‘ir G‘olibof Tehron neft eksportidan mahrum etilgan taqdirda, mintaqadagi hech bir davlat o‘z xom ashyosini sota olmasligini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, xavfsizlik kafolatlanmagan sharoitda Yaqin Sharqdagi hech bir energetika infratuzilmasi daxlsiz bo‘lib qolmaydi.
Shuningdek, rasmiy AQSH Eron neft va gaz ob’ektlariga hujum qilgudek bo‘lsa, Vashingtonning Fors ko‘rfazi hamda Hurmuz bo‘g‘ozdagi energetika infratuzilmasi va aktivi javob zarbasiga nishon bo‘lishini uqtirdi.
Bunday qat’iy bayonot Tehronning sanksiya va Amerika tomonidan o‘rnatilgan dengiz qamali sabab neft eksporti nolga tushib qolgan bir sharoitda yangradi. Prezident Donald Tramp Islom Respublikasining Hurmuz orqali tijoriy kemalar harakatini yetti kun ichida tiklash taklifini rad etib, Vashington strategik suv yo‘lini to‘liq nazorat qilayotganiga urg‘u berdi. Eron esa muzlatilgan aktivlarni ozod qilish, neft sanksiyasini bekor qilish va portlar qamalini tugatish sharti bajarilmaguncha, bo‘g‘iz to‘liq ochilmasligini bildirgan.
Qolaversa, tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chiy Qatar vositachiligida Vashingtonga Hurmuzni ochish sharti bo‘yicha yangi taklif yetkazilishini aytdi. Siyosiy va iqtisodiy bosim fuqarolik aviatsiyasi sohasiga ham yoyilayotgan bir payt G‘olibof Eron hech qachon havo yoki tijoriy qamal oldida chekinmasligi, har qanday tahdidga tezkor hamda raqib afsuslanadigan darajada qaqshatqich javob qaytarilishini ta’kidladi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA