Bojxonachilar 1 ming 648 quti tamaki mahsulotining noqonuniy aylanishiga chek qo‘ydi
Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasining “Ayritom” chegara bojxona postiga xorijdan kirib kelgan yuk avtotransport vositasi haydovchisi yirik miqdordagi tamaki mahsuloti bilan qo‘lga tushdi.
Boshqarmaning kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirda avtotransport vositasi kabinasining ichki qismlariga xufiyona yashirilgan 1 ming 648 quti sigaret aniqlandi.

Ayni paytda bojxona xodimlari qonunchiligimizga zid sigaret mahsulotini mamlakatimiz hududiga olib kirmoqchi bo‘lgan haydovchining bu harakati yuzasidan tergovga qadar surishtiruv olib bormoqda.

Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-apreldagi 244-qarori bilan tasdiqlangan me’yorda jismoniy shaxslar shaxsiy ehtiyojlari uchun xorijdan bojsiz olib kiradigan barcha turdagi tamaki mahsulotlarining cheklangan miqdori 200 dona ya’ni, 10 qutidan oshmasligi belgilangan.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri