Avstraliya, Pokiston va Bangladesh energetika sohasida favqulodda choralar joriy etmoqda
Yaqin Sharq mojarosi tufayli global neft narxi oshishi Pokistonda ham yonilg‘i narxi keskin ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi. Rasmiylar benzin narxi 42,7 foiz, dizel yonilg‘isi esa 54,9 foiz qimmatlashganini e’lon qildi. Mamlakat neft vaziri Ali Parvoz Malik mojaro kuchayishi ortidan xalqaro bozordagi vaziyat tufayli qiymat oshishi muqarrarligini aytdi. Bosh vazir Shahboz Sharif bu o‘zgarishlar mamlakat iqtisodiyotiga jiddiy bosim o‘tkazayotganini tan oldi.
Energetika inqirozi sharoitida Bangladesh iqtisodiyoti ham qiyin davrni boshdan kechirmoqda. Mamlakat tejamkorlik choralarini joriy etishga majbur bo‘lmoqda. Juma kunidan boshlab hukumat idoralari ish vaqti soat 9:00 dan 16:00 gacha belgilandi, savdo markazlari va do‘konlar soat 18:00 gacha yopiladi. Yonilg‘i va elektr energiyasi xarajatini ham 30 foiz qisqartirish ko‘zda tutilyapti. Shuningdek, ba’zi dasturlar va yangi uskunalar sotib olish to‘xtatildi.

Yaqin Sharq mojarosi Avstraliya iqtisodiyotiga ham jiddiy zarar keltirmoqda. Orol-davlat rasmiylari hududlarda yonilg‘i tanqisligidan ogohlantirib, Pasxa bayrami payti sayohat qilayotgan haydovchilarni shaharlarda yonilg‘i quyib olishga chaqirmoqda. Hukumat qishloq xo‘jaligi uchun yonilg‘i ta’minoti ustuvor vazifa bo‘lib qolishi, taqchillik talab va taklif nomutanosibligi ortishi bilan bog‘liqligini ta’kidladi.
S.Rahimov, O‘zA