Avlodlarni bog‘lovchi oltin ko‘prik yoxud moviy gumbaz ostidagi buyuk meros
Insoniyat tarixi shuni ko‘rsatadiki, muzeylar xalqlarning madaniy genofondini va milliy o‘zligini asrab-avaylovchi muqaddas xazinabon, moziy va kelajakni bog‘lovchi oltin ko‘prik. Dunyo tamadduni beshiklaridan biri bo‘lgan O‘zbekiston zaminida ham muzeyshunoslik boy tarix va chuqur ilmiy asoslarga ega.
Bugun Yangi O‘zbekiston zaminida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning bevosita tashabbuslari bilan muzeylar faoliyatini tubdan isloh qilish va mazmunan yangilash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Globallashuv davrida jamiyat a’zolari, ayniqsa, yoshlar qalbida vatanparvarlik, milliy g‘urur va ajdodlarga munosib voris bo‘lish tuyg‘usini tarbiyalashda muzeylarning o‘rni va ahamiyatini hech narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydi. Zero, o‘z tarixini jonli ko‘z bilan ko‘rgan, noyob qo‘lyozmalar nafasini his qilgan yosh avlod qalbida Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishga bo‘lgan yuksak shijoat uyg‘onishi tabiiydir.
Mana shunday ulug‘vor ma’naviy maqsadlar ro‘yobi sifatida, poytaxtimiz markazida moviy gumbazi bilan salobat to‘kib turgan Temuriylar tarixi davlat muzeyi tashkil etilganiga joriy yilning 18-oktabr kuni roppa-rosa 30 yil to‘ladi.
Bundan o‘ttiz yil avval — 1996-yilning kuzida, sohibqiron Amir Temur bobomiz tavalludining 660 yillik qutlug‘ to‘yi doirasida ushbu muzey eshiklari ilk bor ochilgan edi. O‘sha tarixiy kunda bor-yo‘g‘i bir necha yuzlab eksponat bilan ish boshlagan ilmiy maskan, bugungi kunda xalqimizning shonli o‘tmishiga bo‘lgan yuksak ehtiromimizning eng yorqin va muazzam timsoliga aylandi. Yillar davomida tinimsiz izlanishlar, arxeologik qazishmalar va xalqaro hamkorliklar natijasida muzey fondi izchil boyitib borildi. Bugungi kunda muzey xazinasida 7 mingdan ortiq noyob tarixiy ashyolar, temuriylar davriga oid jang qurollari, nodir qo‘lyozmalar, madaniyat va san’at durdonalari ko‘z qorachig‘idek asralmoqda. Muzey zallari bo‘ylab yurar ekansiz, go‘yoki sizni o‘sha shonli asrlarning shiddati, bunyodkorlik ruhi va yuksak tafakkur nafasi qurshab olgandek bo‘ladi.

Albatta, vaqt o‘tgani sayin zamon talablari ham o‘zgarib borishi tabiiy. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tarixiy adolatni tiklash, ajdodlarimizning dunyo tamadduniga qo‘shgan hissasini ilmiy asosda keng yoritishga qaratilgan bevosita tashabbuslari va maxsus qarorlari asosida Temuriylar tarixi davlat muzeyida keng ko‘lamli, tub rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi.
Rekonstruksiya jarayonida eng ilg‘or xorijiy tajribalar va zamonaviy muzeyshunoslik talablari uyg‘unlashtirildi. Xususan, muzey binosining ichki ekspozitsiya zallari butunlay yangilanib, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar bilan jihozlandi. Endilikda muzeyga qadam qo‘ygan tashrif buyuruvchi "Buyuk Sohibqiron – Ikkinchi Renessans asoschisi" nomli yangi bo‘lim orqali o‘sha davrning ilm-fani, falakiyoti, me’morchiligi va diplomatiyasini yaxlit tizim sifatida ko‘ra oladi. Innovatsion 3D xaritalar va smart-ekranlar esa temuriylar davlatining harbiy yurishlari va diplomatik aloqalarini jonli, vizual tarzda namoyish etib, tomoshabinni moziy bag‘riga chuqurroq olib kiradi. E’tiborli jihati shundaki, yangilangan muzey xazinasi nafaqat yurtimizdagi osori-atiqalar, balki dunyoning nufuzli arxiv va to‘plamlaridan olib kelingan noyob tarixiy manbalar bilan ham boyitildi.
Ta’kidlab o‘tish joiz, Temuriylar tarixi davlat muzeyi — shunchaki qadimiy ashyolar tomosha qilinadigan ko‘rgazma zali emas, balki O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tizimidagi yirik va nufuzli ilmiy-tadqiqot markazi.
Ushbu gumbaz ostida madaniyatimiz va tariximizning jonkuyarlari, taniqli temurshunos va boburshunos olimlar tun-u kun ilmiy izlanishlar olib bormoqda. Bugungi kunda muzeyning bir qator yirik temurshunos va muzeyshunos olimlari, malakali mutaxassislar, yosh tadqiqotchilarining Amir Temur va Temuriylar davri davlatchiligi, diplomatiyasi, madaniyati va yozma yodgorliklarini tadqiq etish, shuningdek jahon tajribasi asosida zamonaviy muzeyshunoslik taraqqiyotini keng o‘rganish va O‘zbekiston muzeylarida tatbiq etish borasidagi monografiyalari, ilmiy-badiiy maqolalari soha rivojida muhim poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, Temuriylar tarixi davlat muzeyining 30 yillik to‘yi — shunchaki bir tarixiy sanani nishonlash emas, balki Yangi O‘zbekistonning o‘z muazzam va shonli o‘tmishiga bo‘lgan cheksiz ehtiromi, yuksak sadoqati va kelajak oldidagi yuksak mas’uliyatining yorqin namoyishi. Davlatimiz rahbari tomonidan aholini, ayniqsa, yosh avlodni muzeylarga tizimli va izchil tarzda jalb etish vazifasi bejiz ilgari surilmadi. Zero, ushbu muazzam maskan — millatning ma’naviy ruhiyati toblanadigan, xalqimiz intellektual salohiyatining tarixiy ildizlari namoyon bo‘ladigan hamda yoshlarimiz qalbida vatanparvarlik tuyg‘ularini yuksaltiradigan chinakam ilm, madaniyat va jonli ma’rifat markazi.
Komiljon SULTONOV,
O‘z RFA Temuriylar tarixi davlat muzeyi katta ilmiy xodimi,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori,
Shahnoza MIRALIEVA,
O‘z RFA Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktor o‘rinbosari,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori.
O‘zA