Adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti kanadalik adiba Enn Karsonga berildi
Kanadalik shoira va yozuvchi Enn Karson adabiyot bo‘yicha 2026-yilgi Nobel mukofoti sovrindori deb e’lon qilindi. Bu haqda Shvetsiya Fanlar akademiyasi ma’lum qildi.
Akademiya qaroriga ko‘ra, adiba ushbu nufuzli mukofotga mumtoz adabiyot an’analari bilan o‘ziga xos ijodiy muloqot orqali zamonaviy adabiyotda yangi shakllar yaratgan jasoratli va novatorlik ruhidagi asarlari uchun munosib ko‘rilgan.
Mukofot miqdori 12 million shved kronasi, taxminan 1,2 million AQSH dollarini tashkil etadi.
Shvetsiya Fanlar akademiyasi doimiy kotibi Ingrid Karlbergning ma’lum qilishicha, Enn Karson mukofotga sazovor bo‘lgani haqidagi xabarni hayrat bilan qabul qilgan. Suhbat qisqa davom etgan va yozuvchi ayni paytda Islandiyada bo‘lib, tabiat qo‘ynida vaqt o‘tkazayotganini bildirgan.
Torontoda tug‘ilgan 76 yoshli Enn Karson 2022-yildan buyon Islandiya fuqaroligiga ham ega. Uning ijodi she’riyat, nasr, dramatik dialog va tarjimani o‘zaro uyg‘unlashtirishi bilan ajralib turadi. Adiba an’anaviy adabiy janrlar chegarasidan chiqib, o‘ziga xos badiiy ifoda usullarini yaratgan ijodkor sifatida tanilgan.
Karson ayniqsa, qadimgi yunon adabiyoti namunalarini tarjima qilgani bilan mashhur. Antik davr adabiy merosi uning ijodiga kuchli ta’sir ko‘rsatgan. Yozuvchining asarlari opera librettolari, adabiy tanqid, she’riy romanlar va boshqa janrlarni qamrab oladi. Uning 1998-yilda nashr etilgan “Qizil rang avtobiografiyasi” (Autobiography of Red) asari ana shunday ijodiy izlanishlarning yorqin namunalaridan biri.
Akademiya ma’lum qilishicha, Karson ijodining asosiy xususiyati filologning so‘zlarga bo‘lgan chuqur qiziqishi bilan shoirning yangi ma’nolar yaratishga intilishi o‘rtasidagi uyg‘unlikda namoyon bo‘ladi. Adiba so‘zlarning kelib chiqishi va tarixiy ma’nosini o‘rganishni o‘z ijodining muhim manbai deb biladi. Uning qadimgi yunon tilidan qilgan tarjimalari ham mustaqil adabiy asar sifatida baholanadi.
Yozuvchining 2019-yilda yaratilgan “Troyalik Norma Jin Beyker” (Norma Jeane Baker of Troy) sahna asari ham uning noodatiy ijodiy uslubini namoyon etadi. Unda qadimgi yunon dramaturgi Yevripidning “Yelena” asaridagi Troyalik Yelena tarixi Gollivud yulduzi Merilin Monro obrazi bilan uyg‘unlashtirilgan.
Ma’lumot uchun, Nobel mukofoti shvetsiyalik ixtirochi va tadbirkor Alfred Nobel vasiyati asosida ta’sis etilgan bo‘lib, 1901-yildan buyon adabiyot, ilm-fan va tinchlik sohalaridagi yutuqlar uchun topshirib kelinmoqda. 2025-yilda adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti vengriyalik yozuvchi Laslo Krasnaxorkaiga berilgan edi.
O‘tkir Alimov,
O‘zA