Zelenskiy siyosiy sirni nega oshkor qildi?
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Shimoliy Koreyalik ikki harbiy asir Seulga topshirilganini oshkor qilgandan keyin Janubiy Koreya Kiyevdagi elchisini chaqirib olishga qaror qildi. Diplomatik kelishmovchilikka qaramay, Ukraina tomoni muzokara orqali vaziyatni yumshatishga tayyorligini bildirgan.
Seul Kiyevni asirlarni ko‘chirish to‘g‘risidagi maxfiy kelishuvini buzishda ayblayapti. Ukraina esa bunday kelishuvga rozi bo‘lmaganini aytgan. Koreya Respublikasi Prezidenti Li Je Myon Kiyev uzr so‘ramasa, muayyan jazo chorasi ko‘rilishidan ogohlantirdi. Elchi Pak Ki Chang qachon qaytarilishi aniq emas. Ukraina bilan maslahatlashuv davom etishi aytilgan.
Asirlar Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida Moskva tomonida qatnashgan minglab shimoliy koreyalik harbiylar orasida edi. 2025-yil boshida qo‘lga tushgan ikki harbiy vataniga qaytarilsa, ta’qibga uchrashidan xavotir bildirib, Janubiy Koreyada yashash istagini bildirgan. Seul ularni qabul qilishga rozi bo‘lgan, chunki mamlakat qonunchiligi Shimoliy Koreya aholisini ham o‘z fuqarolari sifatida ko‘rishga asoslanadi.
Mutaxassislar fikricha, oshkor etish mojarosi Seulning Pxenyan bilan munosabatni yaxshilash harakatiga ham salbiy ta’sir qilishi mumkin. Ayni payt Ukraina bilan hamkorlik Janubiy Koreya uchun Rossiya va Shimoliy Koreya harbiy aloqalari haqida ma’lumot olish nuqtai nazaridan muhim hisoblanadi.
Musulmon Ziyo, O‘zA