Insult miyani qanday zararlaydi?
Xalqaro olimlar guruhi insultdan keyin miyaning qaysi qismlari qo‘shimcha zararlanish xavfi ostida ekanini aniqlashga yordam beradigan grafen sensori yaratdi. Sichqonda sinovdan o‘tkazilgan texnologiya kelajakda davolash usulini aniq tanlash va miya to‘qimasi yanada shikastlanishini kamaytirish imkoniga ega.
Ishemik insultda qon tomiri to‘silib, miyaning muayyan qismiga qon borishi tartibi buziladi. Afsuski, zararlanish shu bilan cheklanmaydi: miya to‘qimasida tarqaladigan g‘ayri tabiiy elektr to‘lqini shikastlanishni kuchaytiradi. Grafen asosidagi yuqori sezgir sensor aynan shu elektr o‘zgarishini qayd etib, nisbatan sog‘lom, xavf ostidagi va og‘ir zararlangan to‘qimalarni farqlay oladi. Olimlar xavfli hududda qon oqimi yanada pasayishi mumkinligini ham aniqlagan.
Tadqiqotda ketaminning kam miqdori zararli elektr to‘lqini davomiyligini qisqartirgani, qon oqimi reaksiyasini yaxshilagani va tajriba hayvonida miya shikastlanishini kamaytirgani kuzatildi. Natija hali odamda tasdiqlanmagan.
“Brain” ilmiy jurnalida chop etilgan bu ish mualliflari Ispaniya Milliy ilmiy tadqiqot kengashi, Manchester universiteti va boshqa muassasalar olimlaridan iborat. Mazkur texnologiya hozircha klinik oldi tadqiqot bosqichida bo‘lib, kelajakda insult payti miya to‘qimasi holatini real vaqtda kuzatishga yordam berishi kutilyapti.
Musulmon Ziyo, O‘zA