Terrorchilik payi qirqilmog`i lozim03.08.2005 16:43 Bundan yarim yil avval O`zbekistonda Prezident Islom Karimov tashabbusi bilan mamlakat tarixida ilk bor Senat va Qonunchilik palatasidan iborat ikki palatali Oliy Majlis shakllantirildi. Bu mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik tub o`zgarishlar yo`lida yangi qadam bo`ldi. Senatning tashqi siyosat masalalari qo`mitasi raisi, senator Sodiq Safoev bilan suhbatimiz ana shu mavzudan boshlandi.
- O`zbekistonda qonun chiqaruvchi hokimiyatning Senat kabi yangi institutini tashkil etish o`z vaqtida amalga oshirilgan ish bo`ldi, desam xato qilmayman. Oliy Majlisning qonun ijodkorligi jarayonida hududlar manfaatlarini ifoda etuvchi yuqori palatasi mavjud siyosiy tizimni yanada mustahkamladi. Bugungi kunga kelib shuni aytish mumkinki, Senat qisqa vaqt ichida hokimiyat tarmoqlari va davlat qurilishi tizimida o`z o`rnini topdi.
O`zbekiston Senatining tashkil etilishi xalqaro maydonda, hech bir mubolag`asiz, katta qiziqish uyg`otdi. Senatda chet eldan kelgan o`nlab delegatsiya qabul qilindi, senatorlarimiz hamkasblarining taklifiga binoan boshqa mamlakatlarga borib keldi. Muloqotlar chog`ida xorijiy delegatsiyalar a`zolari Senatning O`zbekiston jamiyatida tutadigan o`rni va ahamiyati oldindan puxta o`ylangani va uni shakllantirish tamoyilining demokratikligiga e`tibor qaratdi. Chunki u jamiyatning tuman darajasidan to respublika ahamiyatidagi bo`g`inlari vakillaridan tashkil topgan. Suhbatdoshlarimiz tizimimizni puxta o`rganish va boshqa mamlakatlar, jumladan, parlamentarizm bo`yicha boy tajribaga ega bo`lgan davlatlarda ham qo`llash mumkin, degan fikrni bildirdi.
O`tgan oylar mobaynida amalga oshirilgan ishlar orasida shuni alohida ko`rsatib o`tish mumkinki, etakchi olimlar, amaliyotchi huquqshunoslar, iqtisodchilardan iborat intellektual salohiyatga ega faollar guruhi tashkil etildi va ular barcha muammolarning negiziga etish, hujjatlarni tayyorlashda bizga yordam bermoqda. Qo`mitamizda qonunlar ijrosi muntazam ko`rib chiqilmoqda, dolzarb muammolar bo`yicha turli tadbirlar o`tkazilmoqda. Masalan, yaqinda xorijiy sarmoya uchun qonunchilik bazasini takomillashtirish masalalariga bag`ishlangan davra suhbati bo`lib o`tdi. Unda respublikamizning tegishli idoralari rahbarlari, xorijiy diplomatik missiyalar, xalqaro moliya tashkilotlari, qator qo`shma korxonalar vakillari ham ishtirok etib, o`zlarining muhim takliflarini bildirdi. Bugun ushbu takliflar ekspertlarimiz tomonidan umumlashtirilmoqda.
Senat tashkil etilganidan buyon O`zbekistonning parlamentlararo aloqalari ham faollashmoqda. Bu tushunarli holat. Negaki, ko`pchilik mamlakatlarda parlamentlarning aynan yuqori palatalari xalqaro masalalarda etakchi rol' o`ynaydi. Bugun dunyoda turli mamlakatlar parlamentlari o`rtasidagi hamkorlik yanada chuqurlashishi va bu qarama-qarshilikning emas, balki xalqlar hamjihatligining omiliga aylanishi kerak, degan tushuncha ustuvor ahamiyat kasb etib bormoqda. Nazarimizda, parlamentariylar davlatlarning milliy qonunlarini uyg`unlashtirishga yordam berishi va shu tariqa savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, siyosiy muloqotni mustahkamlash va insonparvarlik aloqalarini kengaytirish yo`lidagi to`siqlarni bartaraf etishi mumkin va shunday qilishi zarur.
Shu bilan birga, ayrim davlatlarning qonunchilik organlari o`zining asosiy missiyasi chetda qolib, e`tirozlar, ta`nalar bildiriladigan minbarga aylanib borayotgani ixtiyoriy yoki beixtiyor ravishda yangi keskinlik maydoni paydo bo`lishiga sababchi bo`layotgani tashvish uyg`otmay qolmaydi. Men AQShda ishlab yurgan vaqtimda bir masala haqida turli minbarlardan takror va takror gapirishimga to`g`ri kelgan. Bu G`arbda joylashgan bir yoki bir guruh mamlakatlarning odatda o`zboshimchalik bilan boshqa davlatlarga "baho qo`yish" yoki ularni "sertifikatlash"ni o`tkazish huquqini o`zlashtirib olayotgani noto`g`ri ekanligi haqidagi masala edi. Bu o`rinda gap muayyan mamlakatning o`zi o`ylab topgan andozalarga boshqa davlatning qanchalik mos kelishi, shundan kelib chiqqan holda, uning hamkorlik maqomini belgilash xususida bormoqda. "Sertifikatlash" atamasining o`zi odamning g`ashiga tegadi. Axir, bu o`rinda pomidorning sifati yoki pishgan-pishmaganligini tekshirish haqida gap ketmayapti-ku. Davlatlararo munosabatlarga bunday yondashuvning o`zi yanada kattaroq kelishmovchilikka sabab bo`ladi. Menimcha, aslida hamkorlik o`zaro tenglikni nazarda tutadigan va nasihatomuz muomalani inkor etadigan asoslarda tashkil etilishi lozim.
Yoki keyingi paytda tez-tez uchrab turadigan boshqa bir holatni olaylik: bir mamlakat parlamentida, odatda MDH hududida joylashgan boshqa bir davlatdagi vaziyat ko`rib chiqilmoqda.
Aslida sud majlisini eslatuvchi bunday holatlar guvohlik beruvchi shaxslar bir yoqlama tanlanadigan va har xil yorliqlar yopishtiriladigan, bir-birini tushunish yoki "demokratiyani olg`a siljitish" borasida e`lon qilingan maqsadga yordam berishi amri mahol.
Bundan tashqari, negadir parlamentlar o`rtasidagi xalqaro hamkorlik faqat G`arb davlatlarining alohida huquqi degan tushuncha paydo bo`ldi. Xo`sh, nima uchun shunday bo`lishi kerak ekan? Bugun hokimiyatning qonun chiqaruvchi organlari Hindiston, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya va Osiyoning boshqa mamlakatlarida tobora faol rol' o`ynayotganini ko`ryapmiz. Xalqaro maydonda tobora obro`-e`tibor qozonayotgan va sayyoramiz aholisining to`rtdan bir qismini birlashtirgan Shanxay hamkorlik tashkiloti parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirishda katta salohiyatga ega. Agar biz ShHTni amaliy faoliyat yuritadigan va hamkorlik qiladigan tashkilotga aylantirishni istar ekanmiz, bunday faoliyat asosini milliy qonunchilikni uyg`unlashtirish hamda ko`p tomonlama xalqaro hamkorlik uchun platforma yaratishga qaratilgan, puxta ishlab chiqilgan me`yoriy-huquqiy baza tashkil etishi kerak. Bu yo`nalishda tegishli shart-sharoitlarsiz olg`a siljish qiyin bo`ladi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, ShHTning Parlament Assambleyasi hokimiyat qonun chiqaruvchi organlari hamkorligining doimiy faoliyat yuritadigan muhim instituti va tashkilotga a`zo davlatlarning umumiy siyosiy irodasini ifoda etishi mumkin. U hozirgi xalqaro hayotda muhim hodisaga aylanishi mumkin va zarur.
- Sizningcha, Markaziy Osiyoning dunyodagi hozirgi mavqei qanday?
- Markaziy Osiyoning qayta tiklanishi, shubhasiz, insoniyat keyingi 10-15 yil davomida boshidan kechirgan ko`plab mojaroli o`zgarishlar va keskin burilishlar silsilasidagi katta ahamiyatga ega voqealardan biridir. Mintaqa go`yoki bir asrlik siyosiy zabunlikdan chiqib, xalqaro hayotning muhim tarkibiy qismi sifatida qaytadan paydo bo`ldi. Bundan tashqari, bugungi kunda Markaziy Osiyo, shak-shubhasiz, jahon hamjamiyatining diqqat markazida turibdi.
Ayni paytda mintaqa o`zining savdo yo`llarini tutashtiruvchi tarixiy o`rnini bosqichma-bosqich, qadam-baqadam qayta tiklamoqda. Bu erda mavjud va yangi bunyod etilayotgan transport kommunikatsiyalari samaradorligining oshirilishi xalqaro transport yo`nalishlari tizimida uni yanada raqobatbardosh mintaqaga aylantiradi. Shu bilan birga, telekommunikatsiyalar va optika-tolali aloqa tarmoqlarini rivojlantirish bilan bog`liq o`zaro iqtisodiy hamkorlikning yangi shakllari aksariyat hollarda eng qisqa va to`g`ri yo`llar bo`yicha amalga oshirilmoqda. Bu yo`llar muhim iqtisodiy markazlar hisoblangan Evropa va Osiyo-Tinch okeani mintaqasini birlashtirgan holda Markaziy Osiyo orqali o`tmoqda, deganidir.
Bugun O`zbekiston va Markaziy Osiyoga nafaqat aholisining ko`pchiligini musulmonlar tashkil etadigan mintaqa, balki, shubha yo`qki, islom dinining tarixan muhim ma`naviy markazi sifatida ham qaralmoqda. Shu bois, xalqaro radikal oqimlar Markaziy Osiyoga o`z g`oyalarini singdirish va shu tariqa dunyoda kuchlar muvozanatini tubdan o`zgartirishga intilayotgani tasodifiy hol emas. Islom olamida yuz berayotgan murakkab va aksariyat inqirozli jarayonlar bevosita Markaziy Osiyoga ham daxldordir. Ayni paytda Osiyoning qoq markazida joylashgan mintaqa mamlakatlari Evropadagi jarayonlarning bevosita ishtirokchilari hamdir.
Shu sababli, ba`zi birovlar uchun Markaziy Osiyo tsivilizatsiyalar to`qnashuvi ro`y berayotgan "frontoldi mintaqasi" bo`lsa, boshqalar uchun dunyodagi ko`p asrlar davomida bag`rikenglik, din erkinligi va ma`rifat falsafasi paydo bo`lgan noyob hudud hisoblanadi. Shu bois ham, u G`arb va Sharq, turli din va madaniyatlar o`rtasidagi muloqot makoni bo`la oladi.
- To`g`ri, ammo bugungi dunyoda Markaziy Osiyoning ahamiyati, afsuski, mintaqaning imkoniyatlari va yaratuvchanlik salohiyati bilangina belgilanmaydi. Bu erdan chiqayotgan xavf va tahdidlar ham mintaqani xalqaro hamjamiyat e`tiboriga tushirmoqda.
- Bugun dunyoda transmilliy xavflar tahdid solmagan biror hudud bo`lmasa kerak. Bunday beqarorlik omillarining ko`lami keng bo`lib, ta`sir doirasi muayyan davlat hududi bilan cheklanmaydi. Gap, avvalo, xalqaro terrorchilik tahdidi haqida bormoqda.
Siyosiy terror uzoq tarixga ega, lekin ilgari hech qachon bugungidek global xavf tug`dirmagan edi. Agar avval u muayyan bir davlatga daxldor bo`lsa, endi transmilliy, xalqaro xususiyat kasb etdi. Boz ustiga, u aniq bir hukumatni emas, terrorchilik tashkilotlari etakchilarining e`tiqodlariga qo`shilmagan barcha mamlakatlar va kuchlarni o`ziga dushman deb biladi. O`tgan davrlar terrorchiligi muayyan siyosiy arbobga suiqasdni o`z oldiga vazifa qilib qo`ygan. "Yangi terrorchilik" esa "yumshoq nishon"larga - tinch aholi to`planadigan va kam himoya qilinadigan ob`ektlarga hujum qiladi. U muayyan siyosiy vazifaga erishishga intilmaydi. Maqsadi - jamiyat, dunyoni qo`rquv va tahlikaga solish.
O`z mohiyatiga ko`ra, globallashuvga ashaddiy qarshi bo`lgan xalqaro terrorchilik, ayni paytda globallashuv yutuqlari - Internet, telekommunikatsiya tizimlari, moliyaviy transaktsiyalar erkinlashtirilishi va harakat erkinligidan faol foydalanmoqda.
Agar ilgari terrorchilikning asosiy markazlari Yaqin Sharqda joylashgan bo`lsa, o`tgan asrning 90-yillarida ular Markaziy Osiyoga chegaradosh hududlarga ko`chdi. Biroq so`nggi yillarda O`zbekistonda amalga oshirilgan terrorchilik harakatlari tahlili shuni ko`rsatmoqdaki, "Markaziy Osiyo terrorchiligi"ning maqsadlari "Yaqin Sharq terrorchiligi" muddaolaridan farq qilmaydi.
Aytilganlardan xulosa qilish mumkinki, xalqaro terrorchilik - alohida olingan bir mamlakatning muammosi emas. U boy mamlakatlarga ham, rivojlanayotgan mamlakatlarga ham, demokratiya taraqqiy etgan va uni endigina qurayotgan jamiyatlarga ham bir xilda ayovsiz hamla qiladi. Muammo shundaki, bizning mintaqamiz bir vaqtning o`zida xalqaro terrorchilikning faol, uzluksiz qo`poruvchilik harakatlari ob`ekti va u bu er aholisi hisobidan uzoq vaqt o`z saflarini to`ldirishni mo`ljallayotgan hudud bo`lib qolmoqda.
- Nainki mamlakatimiz, balki mintaqadagi qo`shnilarimiz ham barqarorlikka tahdid soluvchi qator xavflarga duch kelmoqda. Ulardan qaysilarini ajratib ko`rsatish mumkin?
- Shu o`rinda ikki asosiy tahdid haqida to`xtalmoqchiman.
Birinchisi - diniy aqidaparastlik. Uning ildizlari juda chuqur va u alohida olingan bir jamiyat yoki biror davlatning muammosi emas. Diniy aqidaparastlikning kuchayishini faqatgina jamiyat qurilishi muammolari va iqtisodiy rivojlanish bilan bog`lash xatodir. Demokratik institutlar ravnaqi va farovonlik darajasi butunlay farq qiladigan mamlakatlarda ham bunday balo-qazo paydo bo`lib, ildiz otayotganini ko`rib turibmiz.
Diniy radikalizm - globallashuvga qarshilikning o`ziga xos shaklidir. Jamiyatlar odatda xorijiy iqtisodiy tajribani qo`llash bilan bog`liq yangiliklarga turli darajada moyil bo`ladilar va shu maqsad yo`lida faol muloqotga kirishadilar. Biroq o`zga madaniyat va ijtimoiy munosabatlarning kirib kelishini har kim turlicha qabul qiladi. G`arbda iqtisodiy globallashuvning ajralmas qismi sifatida qaraladigan g`oyalar va madaniyatlar globallashuvi ko`pincha turmush tarzi, axloqiy qadriyatlar va talablarga to`g`ridan-to`g`ri xavf deb baholanadi. Qator musulmon davlatlar tajribasidan ko`rinadiki, zo`raki "g`arblashtirish" siyosati alaloqibat jamiyatda diniy radikalizm mavqeining kuchayishiga olib kelishi ham tasodifiy hol emas.
Shunday qilib, diniy radikalizmni global tushuncha deb hisoblash kerak. AQShda taniqli islom muammolari tadqiqotchisi Zeyno Baran ta`kidlaydiki, bu hukumat va islomiy jamiyat o`rtasidagi muammo emas, balki uning ichidagi oqimlar kurashidir.
Prezident Islom Karimov an`anaviy, bag`rikenglikka asoslanadigan islom dinimizni buzilishdan asrash lozimligini bejiz ta`kidlamaydi.
Ikkinchi tahdid - demokratik aqidaparastlik. Bunday qaraganda, ular bir-biriga butunlay qarama-qarshi: diniy aqidaparastlik - ibtidoga qaytishga chaqiriq, demokratik aqidaparastlik esa oldinga sakrashning radikal, keskin o`zgarishlarni ko`zda tutadi. Ajablanarlisi shundaki, muayyan bosqichda bu ikki mutlaqo qarama-qarshi kuch o`zaro til topishib ketadi.
- Siz demokratik aqidaparastlikka qanday ta`rif berasiz?
- Nazarimda, mintaqamizda uning ikki shaklini ko`rishimiz mumkin. Birinchisi, bu jadal, zo`raki "g`arblashtirish", bu erga o`zga jamiyatlarning me`yor va andozalarini tiqishtirishga urinishdir. Boz ustiga bu ish tajovuz va tazyiq shaklida amalga oshirilmoqda. Uslub jihatidan, har qanday g`oya eksporti kabi, u ham barcha radikal oqimlar xatti-harakatlaridan farq qilmaydi.
Ayni paytda bunday urinish shunday aks ta`sir ko`rsatadiki, jamiyatda diniy radikalizm kuchayadi. Dunyoviy jamiyat ahli esa an`anaviy urf-odatlar ko`z o`ngida buzilayotganini ko`rib, ularni himoya qilishga intiladi. Shu tariqa jamiyatga o`zga madaniyat va andozalarni majburlab singdirishga javoban diniy aqidaparastlik kayfiyatlari kuchaya boradi.
Boshqa tomondan, biz ko`pincha quyidagi printsip bo`yicha ish ko`rilayotganiga guvoh bo`lamiz: "hamma narsa yo`q bo`lib ketsa ketsin, lekin liberalizm tamoyillari tantana qilsin".
Aytaylik, Londondagi oxirgi terrorchilik harakatlarini ko`p ham tasodif deb bo`lmaydi. Muayyan tamoyillarni ko`r-ko`rona boshga ko`tarib, ekstremistik oqimlar bilan murosa qilib bo`lmasligi to`g`risida britaniyalik hamkasblarimiz bilan ko`p gaplashganmiz. Demokratiya o`z dushmanlaridan o`zini himoya qila olishi kerak. Diniy ekstremizm, har qanday radikalizm kabi, demokratiyaning asosiy va eng katta dushmani ekaniga esa shubha yo`q. Shu bois demokratiya liberalizmga ko`r-ko`rona sajda qiluvchi cho`ri yoki asiraga aylanmasligi kerak.
Taraqqiyotning asosiy yo`nalishi sifatida dunyoviy demokratiya yo`lini shubha ostiga olmagan holda, shuni ham qayd etish lozimki, mintaqaga G`arb ijtimoiy andozalarini jadal olib kirishga urinishlar, qanchalik ajablanarli bo`lmasin, diniy radikalizmni oziqlantiruvchi omilga aylanishi mumkin.
Qiziq holat yuzaga kelmoqda: dunyoviy va demokratik davlat qurish yo`lidan borayotgan Markaziy Osiyo xalqlari ayni paytda uni, ya`ni demokratiyani dinni siyosiylashtirishga urinishdan himoyalashga majbur bo`lmoqda. Demokratik aqidaparastlik esa buni keskin tanqid qilib, diniy radikalizm bilan muloqotga kirishish zarurligi haqida gapiradi. Savol tug`iladi: kim bilan muloqot?
Har qanday muloqotga, konstitutsiyaviy tuzumga qarshi bo`lganlar bilanmi?
- Bu tavsiyalarni qabul qilmagan mamlakat esa shiddatli tanqid yomg`iri ostida qoladi!?
- Men buni demokratik aqidaparastlikning uchinchi ko`rinishi degan bo`lardim. U qolipga tushmaydi, o`z mustaqil yo`lidan borishga harakat qilayotgan mamlakatlarga nisbatan o`ta betoqatlikda namoyon bo`lmoqda.
Masalan, hammamiz bilamizki, aybsizlik prezumptsiyasi mavjud va u har qaysi huquqiy davlatning tamal toshi hisoblanadi. Biroq zbekistonda Andijondagi fojiali voqealar b•yicha tergov oxiriga etishi, sud b•lishi haqida gapirilayotgan bir paytda kimlardir tergov not•g`ri olib borilishi, sud adolatsiz b•lishi t•g`risida oldindan bong urmoqda. Shu asosda xalqaro tekshiruv •tkazish zarurligi haqidagi masala q•yilmoqda. Aybdorlik prezumptsiyasi yuzaga kelmoqda, ya`ni mazkur davlat adolatli tergov va odil sudlovni •tkaza olmaydi, deb oldindan taxmin qilinmoqda.
Yaqinda men Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasi olimlari bilan uchrashdim. Ular Andijonda ro`y bergan fojiali voqealarni tahlil qilar ekan, shunday xulosaga kelibdi: O`zbekiston hukumati amalga oshirgan ishning ahamiyati nafaqat O`zbekiston, balki Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun ham g`oyat kattadir. Ularning fikricha, respublikamiz rahbariyati o`z xalqi va jahon hamjamiyati oldidagi mas`uliyatini his etib, qat`iy harakatlari bilan vaziyatni barqarorlashtirgan. Ular nizo kengayib ketishining oldini olish uchun qilingan ishlarning mintaqaviy, dunyoviy ahamiyati haqida ham gapirdilar.
- Ko`p tahlilchilarning fikricha, bugun Markaziy Osiyo dunyo va mintaqada ta`sir kuchiga ega qudratli davlatlarning bevosita manfaatlari doirasiga tushib qolgan. Bu xususda sizning fikringiz
qanday?
- Aslida bu davlatlarning barchasi mintaqada o`ziga qulay geosiyosiy o`rinni ta`minlash, bu erda o`zlarining siyosiy, iqtisodiy, harbiy-strategik manfaatlarini ilgari surish vazifasini o`z oldiga qo`ygan. Agar Afg`onistondagi antiterror operatsiyaning dastlabki bosqichida dunyodagi asosiy kuchlarni o`zaro hamjihatlik asosida Markaziy Osiyoga jalb etish borasida noyob imkoniyat vujudga kelib va bundan hammaning manfaatdorligi ko`zga tashlangan bo`lsa, keyinchalik manfaatlar to`g`ri kelmasligi, ba`zan ularning to`qnashuvi ham ko`proq namoyon bo`la boshladi.
Yana X1X asr oxirida Buyuk Britaniya va Rossiya o`rtasida Markaziy Osiyoda hukmronlik o`rnatish uchun bo`lgan "katta o`yin"ga o`xshash nayranglar ko`paya boshladi. Ma`lumki, o`sha o`yin oqibatida mintaqa necha o`n yillar davomida dunyodan ajralib qolgandi.
Bugun mintaqa atrofidagi geosiyosiy raqobat ko`plab tashqi kuchlarni jalb qilmoqda. Ular orasida ham mintaqada, ham dunyoda ta`sir kuchiga ega qudratli davlatlar bor. Diniy radikalizm ular safidagi yangi unsur bo`lib, sarob, xayoliy kuch emas. U aniq tuzilmaga va ba`zi mamlakatlarnikidan ortiq bo`lgan moliyaviy resurslarga ega. Qolaversa, mintaqa mamlakatlarining o`zi ham, yangi "katta o`yin"ning shunchaki ob`ektlari emas. Ular bu jarayonning faol sub`ektlaridir. Xavf ana shu erda yashiringan. Markaziy Osiyo davlatlari turli tashqi yo`nalishlarni tanlaydigan bo`lsa, bu mintaqada parokandalikka, dunyoda yangi b•linish chizig`i paydo bo`lishiga olib kelishi mumkin.
Markaziy Osiyo yangi qarama-qarshilik va harbiy kuchlarni k•paytirish poligoni yoki zonasiga aylanib ketishiga yo`l qo`yib bo`lmaydi. Bu nafaqat mintaqamiz, balki butun dunyoning kelajagini xavf ostiga qo`yadi.
- Yaqinda Londonda, Misrda sodir etilgan terrorchilik harakatlari yana bir bor shuni ko`rsatdiki, xalqaro terrorchilik xurujlaridan hech kim kafolatlanmagan.
- Shu sababli hammamiz yaxshi anglab olishimiz zarurki, hamkorlik uchun real poydevor bor va yangi qarama-qarshilik uchun sabab qidirmaslik kerak.
Muammo bu yovuzlikning ildizlarini hamjihat bo`lib topish va yo`q qilishda. Toki ba`zi terrorchilarni terrorchi deb atab, boshqalarini "ozodlik uchun kurashchilar", "muxolifat" deb ikki xil standart qo`llanilaverar ekan, qonli voqealarning oxiri bo`lmaydi.
Qanday niqob ostida bo`lmasin, terrorizmning bitta - g`ayriinsoniy basharasi borligini anglab etish fursati keldi.
Print versiya
|