Islom Karimov va Manmohan Singxning yakkama-yakka uchrashuvi boshlandi26.04.2006 10:54 Islom Karimov va Manmohan Singxning yakkama-yakka uchrashuvi boshlandi.
Tomonlar O‘zbekiston-Hindiston munosabatlarini yanada rivojlantirish, jumladan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy-madaniy aloqalarni kengaytirish masalalarini muhokama etmoqda.
Islom Karimov Hindiston Bosh vazirining tashrifi oliy darajadagi ikki tomonlama muloqotlarning, jumladan, o‘tgan yilning aprelida Dehlida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Hindiston sammitining uzviy davomi ekanligini ta’kidlab, ushbu muntazamlik hamkorlikni rivojlantirishga ikki davlatda ham ishtiyoq kuchli ekanligidan dalolat berishini ta’kidladi.
Hindiston Bosh vaziri O‘zbekistonga taklif etgani uchun mamlakatimiz rahbariga minnatdorlik bildirib, ushbu tashrif o‘zaro munosabatlarni yangi bosqichga ko‘tarishiga ishonch bildirdi.

Islom Karimov va Manmohan Singxning suhbatida mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik muammolar, xususan, terrorchilik va ekstremizmga qarshi kurash masalalariga e’tibor qaratilishi kutilmoqda. Tomonlar, shuningdek, bu mavzu muhokamasi chog‘ida harbiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashadilar.
Shu bilan birga, Afg‘onistondagi vaziyat muhokama qilinadi. Ushbu mamlakatda barqaror tinchlik o‘rnatilishidan ikki tomon ham manfaatdor. Zero, O‘zbekiston bilan Hindiston o‘rtasida Eron transport kommunikatsiyalaridan foydalangan holda Afg‘oniston hududi orqali qulay va arzon savdo yo‘li ishga tushsa, bu tarmoq ulkan mintaqalar va katta bozorlar o‘rtasidagi aloqalarni kuchaytiradi.
Print versiya
|