Ilmiy-amaliy anjuman
14.04.2006 20:07 Toshkent davlat sharqshunoslik institutida Xorazm Ma’mun akademiyasining 1000 yilligiga bag‘ishlangan «Majlisi ulamo – o‘rta asr sharqining yirik ilmiy markazi» mavzuida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda sharqshunos, manbashunos, faylasuf va tarixchi olimlar, yosh tadqiqotchilar hamda talabalar ishtirok etdi.
Anjumanda ta’kidlanganidek, mintaqamiz tarixida jahon ilm-fani va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ko‘plab ma’naviyat va ma’rifat maskanlari shakllangan. X asrning oxiri va X1 asr boshlarida faoliyat yuritgan Xorazm Ma’mun akademiyasi ana shunday ilm dargohlaridan biri bo‘lgan. Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan Vazirlar Mahkamasining Xorazm Ma’mun akademiyasining 1000 yilligini nishonlash to‘g‘risidagi hamda Xorazm Ma’mun akademiyasi faoliyatini takomillashtirish va uning 1000 yilligini nishonlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorlarining qabul qilinishi buyuk ajdodlarimiz yaratib qoldirgan boy va bebaho ilmiy merosni yanada keng o‘rganish va kelgusi avlodlarga yetkazishda muhim omil bo‘lmoqda.
Mazkur ilm dargohida aniq, ijtimoiy va tabiiy fanlar, ayniqsa kimyo, dorishunoslik va tabobat sohasida jahonshumul ahamiyatga molik ixtirolar amalga oshirilgan. Xususan, Abu Rayhon Beruniy o‘zi yasagan uskuna yordamida bir qancha qattiq va suyuq moddalar solishtirma og‘irligini aniq o‘lchashda katta muvaffaqiyatga erishgan. U hozirgacha jahon ilm-fanida asos sifatida e’tirof etilib, mineralogiya, kimyo, fizika sohalarida moddalar tarkibini aniqlashda eng ishonchli usul hisoblanadi.
Anjumanda Xorazm Ma’mun akademiyasida faoliyat yuritgan ana shunday allomalar hayoti, ijodi va ilmiy merosining bugungi ahamiyati, ushbu ilmiy merosni tadqiq etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va galdagi vazifalarga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi.
Tadbir doirasida «Majlisi ulamo – o‘rta asr sharqining yirik ilmiy markazi» deb nomlangan yangi nashrning taqdimoti o‘tkazildi. Undan Xorazm Ma’mun akademiyasining tashkil topishi, o‘rta asrlarda yashab ijod etgan buyuk siymolarning falsafa, adabiyot, astronomiya, tibbiyot va boshqa jabhalar bo‘yicha yaratgan asarlari tadqiqiga bag‘ishlangan maqolalar o‘rin olgan.
Print versiya
|