Elektron lug`atlar: qulay va ommabop11.10.2005 18:10 Mamlakatimizda barcha sohalar qatori ta`lim, ilm-fan sohalariga ham axborotlashtirish-kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy etilayotir. Bu esa o`z navbatida elektron o`quv dasturlari, qo`llanmalar, nashrlarga bo`lgan ehtiyojning ortishiga sabab bo`lmoqda.
"O`zbegim dasturlari" elektron nashrlar tahririyati aynan shu sohada o`quvchi va talabalar, tadqiqotchilar uchun elektron lug`atlar tayyorlashda samarali faoliyat ko`rsatmoqda. Bu borada tahririyat jamoasi O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi, Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti, O`zbekiston Milliy kutubxonasi, Markaziy bank, Toshkent Davlat pedagogika universiteti, O`zbekiston Milliy universiteti olim va mutaxassislari bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda.
Jamoa mutaxassislari tomonidan tayyorlangan ana shunday nashrlardan biri "Atama va iboralar lug`atlari"dir. Mazkur elektron lug`at bank ishi, tashqi iqtisodiyot, huquq, ish yuritish kabi sohalarda rus tilidagi o`n ming va o`zbek tilida, kirill va lotin yozuvidagi o`n to`rt ming atama va iborani o`z ichiga olgan. Lug`at Fan va texnologiyalar markazi tomonidan 2001 yilda tashkil etilgan "Eng yaxshi dasturiy mahsulot" tanlovida ikkinchi o`rinni egallagan edi. Hozir ushbu lug`at yurtimizning turli vazirlik, muassasa va tashkilotlarida qo`llash uchun tavsiya etilgan.
O`tgan yili tahririyat "Bank, moliya glossariysi" izohli lug`atini yaratdi. Unda hozir xalqaro miqyosda va mamlakatimizda moliya tizimida keng qo`llaniladigan ikki yarim ming atamaning sharhi berilgan. Lug`atda tovar va fond bozorlari, xalqaro iqtisodiy tashkilotlar va mintaqaviy integratsion guruhlar, shuningdek, O`zbekiston Respublikasining moliyaviy institutlari haqida axborotlar keltirilgan.
120 ming so`zni izohlagan "Ibora" elektron lug`ati o`zbekcha-ruscha, o`zbekcha-inglizcha, inglizcha-o`zbekcha, inglizcha-ruscha, ruscha-o`zbekcha hamda ruscha-inglizcha tarjima yo`nalishlaridan iborat.
Ayni paytda tahririyat jamoasi "O`zbek tilining katta orfografik lug`ati", "Sinonimlar lug`ati", ikki va uch tillik ekvivalent lug`atlar yaratish ustida ham ish olib bormoqda. Nomlari zikr etilgan barcha elektron lug`atlar ilmiy asoslangani, foydalanish usulining qulayligi bilan o`quvchilar e`tiborini jalb etmoqda.
Print versiya
|