Aloqachilarning xalqaro konferentsiyasi11.05.2005 20:31 Toshkent axborot texnologiyalari universitetida "O`zbekistonning aloqa va axborot texnologiyalari holati va rivojlanish istiqbollari" mavzuida xalqaro ilmiy-texnik konferentsiya ochildi.
Anjumanda mamlakatimiz olim va mutaxassislari, qator xorijiy universitetlar, institutlar, kompaniyalar, firma va tashkilotlar vakillari ishtirok etmoqda.
Tadbirda O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o`rinbosari, O`zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligining Bosh direktori
A.Oripov mustaqillik yillarida O`zbekistonda aloqa va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari tarmog`i jadal sur`atda rivojlanayotganini ta`kidladi. Prezident Islom Karimovning 2002 yil 30 mayda qabul qilingan "Komp`yuterlashtirishni yanada rivojlantirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish to`g`risida"gi farmoni sohani yanada taraqqiy ettirishga kuchli turtki berdi.
Ayni paytda respublikani jahon axborot hamjamiyatiga jadal integratsiyalash chora-tadbirlari bosqichma-bosqich amalga oshirilayotir. Buning uchun qonunchilik bazasi ham takomillashtirilmoqda. Keyingi paytda bu yo`nalishda qabul qilingan "Axborotlashtirish to`g`risida", "Elektron raqamli imzo to`g`risida", "Elektron hujjat aylanishi to`g`risida", "Elektron tijorat to`g`risida"gi qator qonunlar ana shu maqsadga xizmat qiladi. Bu qonunlar respublika iqtisodiyotining barcha jabhalariga, jamiyatning ijtimoiy hayotiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada keng joriy etish bo`yicha ilmiy-texnik tadqiqotlar olib borish va ularni kengaytirish, bu boradagi muayyan amaliy natijalarni qo`lga kiritishga yordam bermoqda.
Sho``ba majlislarida aloqa va axborotlashtirishning "Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari", "Internet va korporativ tarmoqlar", "Pochta aloqasi", "Radioaloqa,
radioeshittirish va televidenie", "Aloqa sohasida menejment va marketing" kabi joriy va istiqbolli yo`nalishlarini rivojlantirishga bag`ishlangan ma`ruza hamda ma`lumotlar
tinglanadi.
Universitet zalida yurtimizda faoliyat ko`rsatayotgan kompaniyalar, korxonalar, firma va tashkilotlarning aloqa hamda axborotlashtirish sohasidagi yutuqlariga bag`ishlangan ko`rgazma namoyish etilmoqda.
©
Print versiya
|