O`zbekiston durdonalari09.03.2005 20:07 Mustaqillikka erishganidan so`ng yangilanish va tiklanish yo`lidan borayotgan mamlakatimizga butun dunyoda qiziqish tobora ortib bormoqda.
Respublikamizga har yili minglab sayyohlar tashrif buyuradi va qadim ustalar yaratgan noyob yodgorliklar, avloddan-avlodga o`tib kelayotgan an`ana va udumlar, mamlakatning bugungi kuni bilan tanishadi.
Bunda ularga "Sharq" nashriyot-matbaa aktsionerlik kompaniyasi tomonidan ingliz va rus tillarida chop etilgan yangi, chiroyli bezatilgan "O`zbekistonning sayyohlik durdonalari" al`bomi yaqindan yordam berishi tayin. Al`bom muallifi - tarix fanlari nomzodi Rustam Mirzaev mamlakatimiz hududidagi ko`pgina diqqatga sazovor joylar, Buyuk Ipak yo`lining bebaho merosi hisoblangan turli davrlarning tarixiy-me`moriy yodgorliklari haqida qiziqarli tarzda hikoya qiladi.
Qadimda bu erda Sharq va G`arb tsivilizatsiyalarini bog`lagan qit`alararo karvon yo`llari kesishgan. Nainki savdo-sotiq rivoj topgan, balki g`oyalar, madaniyatlar, an`analar, udumlar, dinlar, hunarmandchilik va texnologiyalarning o`zaro ta`sirlashuv jarayoni kechgan.
Mahobatli saroylar, maqbaralar, minoralar, noyob arxeologik yodgorliklar buning yaqqol dalilidir. Ularning ko`pchiligi bugun umuminsoniy qadriyatlar xazinasidan joy olgan. Samarqand, Buxoro, Shahrisabz va Xiva tarixiy markazlari esa YuNESKO tomonidan Jahon merosi ro`yxatiga kiritilgan.
Zamonaviy o`zbek ustalari qadim an`analarni asrab-avaylab, milliy hunarmandchilik - gilam to`qish va kashtachilik, o`ymakorlik va naqqoshlik, kulolchilik va boshqa hunarlarni rivojlantirmoqda. Al`bomda bularning barchasi haqida ma`lumot berilgan. U O`zbekistonning bir kunda ham sahroda, ham qorli cho`qqilarda bo`lish, ham anvoyi gullar hididan rohatlanish imkoni mavjud betakror tabiati bilan ham tanishtiradi. Muallifning mamlakatimiz turli hududlariga safarlari chog`ida olingan 100 dan ortiq yorqin fotosurat matnlar mazmunini teranroq anglashda qo`l keladi. ©
© O`zA. Materiallardan foydalanilganda manba ko`rsatilishi shart.
|