O‘zA O`zbek

16.05.2019 10:50 Chop etish versiyasi

Yaponiya Eronni yadroviy kelishuvni saqlab qolishga chaqirdi

Yaponiya Eronni yadroviy kelishuvni saqlab qolishga chaqirdi

RIA Novosti Kiodo agentligiga asoslanib xabar berishicha, Yaponiya tashqi ishlar vaziri Taro Kono Eron tashqi siyosat mahkamasi rahbari Muhammad Javod Zarif bilan uchrashuv chog‘ida yadroviy dastur bo‘yicha Umumiy qo‘shma tadbirlar rejasi (UQTR)ni saqlab qolishga chaqirgan.
"Yadroviy dastur bo‘yicha UQTR kelishuvini saqlab qolish atom qurollarining tarqalmasligi, shuningdek Yaqin Sharqda tinchlik va barqarorlik kafolatidir”, degan Yaponiya TIV rahbari. Uning qo‘shimcha qilishicha, ushbu mintaqada “taranglikni yumshatishga e’tibor qaratish zarur”.
Taro Konoga javoban Muhammad Javod Zarif, Eron yadroviy dastur bo‘yicha UQTRdan chiqish niyatida emasligini ma’lum qilgan.

AFP agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, uchrashuvda Eron TIV rahbari mamlakat yuzaga kelgan vaziyatda “maksimal darajada bosiqlik qilayotgani”ni ham aytib o‘tgan.

Eron TIV rahbarini Yaponiya Bosh vaziri Sindzo Abe qabul qilishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 8 may kuni rasmiy Tehron Eron yadroviy dasturi bo‘yicha UQTR (umumiy qo‘shma tadbirlar rejasi)ning boyitilgan uran moddasi va to‘yingan suv masalalariga aloqador punktlaridan chiqishini ma’lum qilgan edi. Mazkur bayonotga ko‘ra, Eron ushbu punktlar bo‘yicha cheklovlarga o‘zini aloqador deb hisoblamaydi.

Tehron tomonining iddao qilishicha, Eronning UQTRdan chiqishiga AQSh yadroviy kelishuvni buzgani va Vashington tomonidan mamlakatga qarshi sanksiyalar kiritilgani, shuningdek, UQTRning boshqa a’zolari (Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Xitoy va Rossiya) yuzaga kelgan muammolarni yechishga layoqatsizligi sabab bo‘lgan.

Shu munosabat bilan Eron UQTR ishtirokchilariga yuqorida sanab o‘tilgan muammolarni bartaraf etish uchun 60 kun muhlat bergan. Agar ushbu muddatda mamlakat manfaatlari ta’minlanmasa, Tehron Arakdagi reaktorni modernizatsiya qilishni to‘xtatadi va boyitilgan uran bo‘yicha cheklovlardan voz kechadi.

O‘zA
389