O‘zA O`zbek

06.11.2018 11:28 Chop etish versiyasi

Vendi Arnold xonim ingliz tilini oʻqitish boʻyicha oʻz taklifini bildirdi

Vendi Arnold xonim ingliz tilini oʻqitish boʻyicha oʻz taklifini bildirdi

Buyuk Britaniyaning maktablarda ingliz tilini oʻqitish boʻyicha konsultanti Vendi Arnold xonim qanday taklifni ilgari surdi?

Ayni kunlarda Toshkent shahrida Xalq taʼlimi vazirligi Britaniya Kengashining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda taʼlim tizimida ingliz tili oʻqitilishida islohotlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yangi milliy jamoasining yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda.

Xalq taʼlimi tizimidagi islohotlarning asosiy yoʻnalishlaridan biri ingliz tilini sifatli va samarali oʻqitishni yoʻlga qoʻyishdir. Buning uchun, avvalo, ingliz tilini oʻqitishning qulay va tezkor amaliyotini oʻrganish, shuningdek, jarayonga yuqori malakali xalqaro ekspertlar guruhini hamda hamkorlarni jalb etish muhim vazifalardan biri hisoblanadi.

Shuni aytish joizki, milliy jamoa mamlakatimizdagi barcha umumtaʼlim maktablarida ingliz tilini oʻqitish amaliyoti boʻyicha birlamchi tadqiqot oʻtkazdi. Yaʼni, ular darslarda ishtirok etib, oʻqituvchilar bilan uchrashdi, oʻquv reja va materiallar, bundan tashqari, dars va darsdan tashqari foydalaniladigan manbalarni oʻrganishdi.

Tadqiqotning birlamchi natijalarini muhokama etish, boshlangʻich va oʻrta sinflar uchun darsliklarni tayyorlash tajribasini oʻrganish milliy guruhning seminariga Buyuk Britaniyaning maktablarda ingliz tilini oʻqitish boʻyicha konsultanti Vendi Arnold xonim taklif etildi.

Arnold xonimning fikricha, taʼlim tizimi va oʻquv dasturlari oʻzgarishi, oʻqituvchilarni tayyorlash tizimi bilan birgalikda olib borilishi kerak ekan.

Dastur yakuniga koʻra, milliy jamoa mahalliy va xalqaro ilgʻor tajribalarini inobatga olgan holda maktablarda ingliz tilini oʻqitish tizimini isloh etish boʻyicha harakat rejasini ishlab chiqadi. Jamoa yigʻilishi 12 noyabrga qadar davom etadi.

Inobat Ahatova, OʻzA
867