Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

20.04.2018 10:41 Chop etish versiyasi

Suy Tyankay: Savdo urushi Xitoy va AQSh munosabatlarini zaharlaydi

Suy Tyankay: Savdo urushi Xitoy va AQSh munosabatlarini zaharlaydi Xitoyning Qo‘shma Shtatlardagi elchisi Suy Tyankay XXR va AQSh o‘rtasidagi savdo ziddiyatiga munosabat bildirdi.

Sinxua agentligiga asoslanib, bu haqda RIA Novosti yozadi.

“Savdo urushi nafaqat Xitoy va AQSh munosabatlarining umumiy atmosferasini zaharlab, ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro ishonchning buzilishiga sabab bo‘ladi, balki dunyo iqtisodiyoti ravnaqiga ham salbiy ta’sir qiladi” degan Suy Tyankay.

Shu bilan birga elchi XXR har qanday savdo urushiga qarshiligi, ziddiyatni muzokara yo‘li bilan yechish tarafdori ekanligi, ammo, AQSh bundan keyin ham savdo urushida tashabbus ko‘rsatsa, Xitoy unga munosib javob berishini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh o‘z mahsulotlarining intelektual huquqlari Pekin tomonidan buzilayotganini ro‘kach qilib, Xitoyning 1,3 ming nomdagi tovariga import bojlar miqdorini oshirdi. Shu yo‘l bilan Vashington Xitoy bilan ko‘p milliardlik savdo defitsitini kamaytirishga erishmoqchi. Bundan tashqari AQSh Prezidenti Xitoy mahsulotlarining import bojlari miqdorini 100 milliard dollarga oshirish imkoniyatlarini aniqlash bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Bunga javoban Xitoy Davlat kengashi Amerikaning 106 nomdagi mahsulotiga 25 foizlik import bojini kiritish bo‘yicha qaror qabul qildi. Mazkur hujjat Vashington tomonidan Xitoyning boshqa mahsulotlariga ham yangi bojlar qo‘yilishi e’lon qilinishi bilan kuchga kiradi. Yaqinda esa Donald Tramp Xitoy mahsulotlari import bojlarining yillik miqdori 150 milliard dollarga chiqishi mumkinligidan ogohlantirdi. Pekin galdagi tahdidga yarasha javob bo‘lishini, savdo ziddiyatida oxirigacha kurashishini ma’lum qilgan.

Malohat Husanova, O‘zA
2 952