Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

18.05.2018 10:58 Chop etish versiyasi

Oq uy: AQSH Xitoy bilan manfaatli savdo munosabatlariga erishadi

Oq uy: AQSH Xitoy bilan manfaatli savdo munosabatlariga erishadi
Qo‘shma Shtatlar Xitoy bilan manfaatli savdo munosabatlariga erishadi. Oq uy matbuot xizmati Amerika poytaxtida ikki mamlakat savdo delegatsiyalari olib borayotgan muzokaralar yuzasidan qisqa bayonot berdi. 

TASSning “Reuters” ga asoslanib yozishicha, kecha ya’ni muzokaraning birinchi kunida Amerika rasmiylari prezident Trampning Xitoy bilan adolatli, manfaatli savdo munosabatlari o‘rnatish niyatida ekanini bildirgan. Tomonlar muzokarani bugun ham davom ettiradi. 

Qayd etilishicha, Xitoy delegatsiyasiga XXR Davlat kengashi rahbari o‘rinbosari Lyu Xe, AQSH tomoniga esa moliya vaziri Stiven Mnuchin boshchilik qilmoqda. Oq uy ta’kidlaganidek, Vashingtondagi muzokaralar ikki hafta oldin Pekinda boshlangan AQSH va Xitoy o‘rtasidagi savdo muzokaralari ( joriy yilning 3-4 may kunlari Xitoy poytaxtida o‘tkazilgan ushbu muzokaralarda tomonlar iqtisodiy masalalar, xususan savdo muammolarini hal qilish mexanizmini yaratish borasida umumiy kelishuvga erishdi) ning davomi bo‘lib, ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlarni qayta tiklashga qaratilgan. 

Eslatib o‘tamiz, AQSHning alyuminiy va po‘latga boj kirgizishi Xitoy noroziligiga sabab bo‘lib, o‘tgan vaqtda ikki davlat o‘rtasidagi savdo ziddiyati chuqurlashib ketdi. Dastlab Qo‘shma Shtatlar o‘z mahsulotlarining intellektual huquqlari Pekin tomonidan buzilayotganini ro‘kach qilib, Xitoyning 1,3 ming nomdagi tovariga import bojlar miqdorini oshirdi. Shu yo‘l bilan Amerika Xitoy bilan ko‘p milliardlik savdo defitsitini kamaytirishga erishmoqchi edi. Bundan tashqari AQSH prezidenti XXR mahsulotlariga qo‘yiladigan import bojlari miqdorini 100 milliard dollarga oshirish imkoniyatlarini aniqlash bo‘yicha ko‘rsatma ham berdi. Bunga javoban Xitoy Davlat kengashi Qo‘shma Shtatlarning 106 nomdagi mahsulotiga 25 foizlik import bojini kiritish bo‘yicha qaror qabul qildi. Yaqinda esa Donald Tramp import bojlarining yillik miqdori 150 milliard dollarga chiqishi mumkinligidan Xitoyni ogohlantirdi. Bunga Pekin tahdidga yarasha javob bo‘lishi, savdo ziddiyatida g‘alabagacha borishini ma’lum qildi. Ikki davlat o‘rtasidagi savdo urushining ana shunday avj nuqtasida AQSH prezidenti muzokara yo‘lini tanlab, joriy yilning 3 may sanasida mamlakat moliya vaziri Stiven Mnuchin, savdo vaziri Uilbur Ross, davlat rahbari yordamchilari Larri Kudlou va Piter Navarro, AQSHning Xitoydagi elchisi Terri Brenstedlardan iborat o‘z delegatsiyasini Xitoyga jo‘natdi.

Malohat Husanova, O‘zA
1 704