O‘zA O`zbek

12.05.2018 16:48 Chop etish versiyasi

OAV: Islom davlati terrorchilari Iroqdagi saylov uchastkasiga hujum qildi

TASS, 12 may. Iroq sharqidagi saylov uchastkasiga “Islom davlati” terrorchilik guruhi jangarilari tomonidan amalga oshirilgan hujum oqibatida 4 kishi jabrlandi. Bu haqda Al Quds Al Arabi nashri mamlakat huquqni muhofaza qilish idoralari manbalariga tayangan holda xabar qilmoqda.

Nashrda qayd etilishicha, terrorchilar tomonidan yo‘naltirilgan to‘rtta minomet snaryadlari Diyala viloyatidagi Abu-Said hududida joylashgan ovoz berish uchastkasi yaqinida portladi.

Shanba kuni ertalab Iroq xavfsizlik kuchlari Diyalada avtomatik qurollar va portlovchi kamar bilan qurollangan ikki jangari tayyorlagan terror hujumini to‘xtatib qolgandi. Hujum sharqiy viloyatdagi saylov uchastkalaridan biriga amalga oshirilishi kerak edi.

Bugun mamlakatning 18 viloyatida kuchaytirilgan xavfsizlik choralari sharoitida Iroq vakillar Kengashiga saylovlar o‘tkazilmoqda. Parlamentdagi 329 ta o‘ringa 7 mingdan ko‘proq nomzod da’vogarlik qilmoqda. Kun davomida cheagaralar yopiq bo‘ladi. Bir necha shahar va viloyatlarda komendantlik soati joriy etilgan. Shuningdek, mamlakat aeroportlari ham yopiq. Saylovchilarni himoya qilish uchun 1 millionga yaqin xarbiylar safarbar qilindi. Bu mamlakat “Islom davlati” terrorchilik guruhidan ozod qilingandan keyin ilk parlament saylovlaridir. Oxirgi marotaba saylovlar 4 yil avval o‘tkazilgan. Shundan bir necha oy keyin Iroqning 40 foizga yaqin hududi terrorchilar tomonidan bosib olingandi.

10 may kuni muddatdan avvalgi ovoz berish o‘tkazilgan bo‘lib, unda harbiylar, politsiya, boshqa xavfsizlik kuchlari ishtirok etishgandi. Shuningdek, Iroq turmalaridagi mahbuslar va shifoxonalarda davolanayotganlar ham shu kuni ovoz berishdi.

Iroq Oliy mustaqil saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 36 milion aholiga ega mamlakatning 24 million fuqarosi saylovlarda ishtirok etish imkoniga ega. Saylovlarda g‘alaba qozonadigan koalitsiya hukumatni shakllantiradi va yangi hukumat mamlakatni 4 yil davomida boshqaradi.

N. Toshpo‘latova
3 887