O‘zA O`zbek

11.07.2019 15:26 Chop etish versiyasi

Mamlakatimizning Germaniyadagi elchisi kansler Angela Merkel bilan uchrashdi

Mamlakatimizning Germaniyadagi elchisi kansler Angela Merkel bilan uchrashdi

9 iyul kuni mamlakatimizning Germaniyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Nabijon Qosimov Germaniya Federal kansleri Angela Merkel taklifiga binoan GFRda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik missiyalar va xalqaro tashkilotlarning rahbarlari uchun “Mezeberg” hukumat qarorgohida o‘tkazilgan rasmiy qabulda ishtirok etdi.

Tashqi ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, qabulda kansler Angela Merkel bilan qisqa suhbat bo‘lib o‘tib, u yarim yil ichida amalga oshirilgan ikkita oliy darajadagi tashrif – Prezident Shavkat Mirziyoevning joriy yilning yanvar oyidagi Germaniyaga va Prezident Frank-Valter Shtaynmayerning may oyidagi O‘zbekistonga tashriflari yakunlaridan mamnunligini bildirdi. Kansler tashrif yakunlariga muvaffaqiyatli va sermahsul, deb baho berdi.

Germaniya hukumati rahbarining fikricha, oliy darajadagi mazkur tashriflar, shubhasiz, ikki davlat o‘rtasida turli sohalardagi ishonchli munosabatlar va o‘zaro manfaatli hamkorlikning faollashuviga xizmat qiladi.

Kansler Angela Merkel elchidan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevga o‘zining ehtirom va eng ezgu tilaklarini ham yetkazib qo‘yishni so‘radi.

O‘zA
366