O‘zA O`zbek

04.06.2018 12:39 Chop etish versiyasi

Fil sichqondan, “temir qush” chumchuqdan qo‘rqadi

Fil sichqondan, “temir qush” chumchuqdan qo‘rqadi
Kuni kecha “Turk havo yo‘llari”ning Istanbul – Nyu-York yo‘nalishida parvoz qilgan samolyoti qushlar galasiga duch keldi.

Nyu-York shahridagi Jon Kennedi xalqaro aeroportiga qo‘nayotgan samolyot qushlar galasi bilan to‘qnashib ketdi. 350 nafar yo‘lovchidan birortasi ziyon ko‘rmadi, ammo samolyotga shikast yetdi. Samolyotni ko‘zdan kechirgan “Boeing” kompaniyasi mutaxassislari havo kemasining Istanbulga qaytishi xavfli ekanligi borasida ma’lum qildi.

Havoda samolyotlarning qushlar bilan to‘qnashib ketish holatlari oz bo‘lsa-da uchrab turadi. Bir qarashda bu katta muammo emasdek tuyuladi. Biroq...

02.jpg

“Mingta ot kuchiga ega “temir qush”ga bitta chumchuq qarshi bora olarmidi?”, degan savol barchani kulgisini keltirishi aniq. Xulosa chiqarishda aslo shoshilish kerak emas. Aerodromda turgan samolyot uchun chumchuq ham, burgut ham xavfli emas. Ammo havoga ko‘tarilgan yoki yerga qo‘nayotgan samolyotlar uchun bitta chumchuq katta tahdid bo‘lishi mumkin. Bu kabi to‘qnashuv “temir qush” uchun ham, oddiy qush uchun ham fojea bilan tugashi mumkin. Samolyot 8–9 kilometr balandlikka chiqib olgachgina uchuvchilar o‘zlarini xotirjam his qilishlari mumkin. Chunki bu kabi balandlikda qushlar parvoz qila olmaydi.

Aviatsiyada “qushlar bilan to‘qnashuv” (bird strike) degan ibora bor. Bu ibora havoda yoki harakat vaqtida uchuvchi apparatlar (samolyot yoki vertolyot)ning qushlar bilan to‘qnashuvini anglatadi. Bu kabi holat havo kemalarining parvoziga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. To‘g‘ri, zamonaviy turbovintli dvigatellar shunday yaratilganki, ular tez aylangani bois tashqi obyektlarga zudlik bilan javob qaytara oladi. Biroq qushlar dvigatelga kirib qolsa, ventilyatorga ta’sir ko‘rsatishi va buning oqibatida dvigatelning ishdan chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin.

03.jpg

Havo kemalarini qushlar bilan to‘qnashib ketishi bilan bog‘liq muammolar 50 yildan beri o‘rganib kelinadi. Ko‘plab mamlakatlarda qushlar keltirib chiqaradigan muammolar talafotini kamaytirish maqsadida bir qator ishlar amalga oshirilib kelinadi. Xalqaro miqyosda esa Fuqaro aviatsiyasi Xalqaro tashkiloti (ICAO) hujjatlarda bu muammo aks etgan. Parvozlar xavfsizligini ta’minlashda qushlar bilan samolyotlarning to‘qnashuvini bartaraf etish chora-tadbirlari ham ko‘zda tutilgan. Deyarli barcha mamlakatlarda parvozlar xavfsizligini ornitologik ta’minlash joriy qilingan.

04.jpg

Mutaxassislar bu kabi vaziyatlarni har tomonlama – biologik va aviatsiya-texnologik jihatdan tahlil qilib chiqdilar. Ma’lum bo‘lishicha, qushlarning samolyotlar bilan to‘qnashuvi aprel–may oylarida, shuningdek, iyul vasentyabrda ko‘proq qayd qilinarekan. Noyabr va dekabr oylarida kamroq kuzatilarkan.

06.jpg

ICAO rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, birgina 2001-yildan 2007-yilga qadar jahonda qushlarning samolyotlarga kelib urilishi bilan bog‘liq 42 ming 508 ta hodisa qayd qilingan. Qushlar bilan to‘qnashuv asosan kunduz kunlari ro‘y berishi aytiladi. Bu hodisalarning 84 foizi 100 metrlik balandlikda, asosan, aerodromlar atrofida kuzatiladi. Shuningdek, qushlarning bir joydan ikkinchi joyga ko‘chishi davrida ham samolyotlar bilan to‘qnashib ketish holatlari uchrab turadi. Mutaxassislarning fikricha, parvozga endi o‘rganayotgan polaponlarning samolyotlarga borib urilishi ko‘proq kuzatiladi. ICAO bir yilda o‘rtacha 5 mingta shu kabi hodisalarni qayd qiladi. Xalqaro tahlilchilarning fikricha, qushlar bilan to‘qnashuv natijasida jahon aviakompaniyalari bir yilda o‘rtacha 1 milliard 200 million dollar miqdoridazarar ko‘radi.

07.jpg

Samolyotlarning qushlar bilan to‘qnashuvi aviatsiya uchun katta xavf ekani tan olinadi. Bu kabi hodisalar avia fojealarga sabab bo‘lishi, insonlarning o‘limiga olib kelishi mumkin.

Samolyotlar bilan eng ko‘p chag‘alay(chayka)lar to‘qnashishi tan olinadi. Barcha to‘qnashuvlarning 35 foizi aynan chag‘alaylar hissasiga to‘g‘ri keladi. Ikkinchi o‘rinda esa chumchuqlar turar ekan. Bu qushlar hissasiga barcha to‘qnashuvlarning 17 foizi to‘g‘ri keladi. Kabutarlar hissasiga 16 foiz to‘g‘ri kelsa, yirtqich va suv parrandalari hissasi 10 foizni tashkil qiladi. 7 foiz to‘qnashuvlarda qarg‘alar ishtirok etadi.
05.jpg
Hisob-kitoblarga ko‘ra, qushlar soatiga 700 kilometr tezlikda parvoz qilayotgan samolyotlarga 50 millimetrlik snaryadlarga nisbatan ikki barobar ko‘p zarar yetkazar ekan. Yo‘lovchi samolyoti va qushlar o‘rtasidagi to‘qnashuvlarning40 foizi dvigatellarga, 33 foizi qanotlarga, 16 foizi uchuvchilar kabinasiga, 7 foizi fyuzelyajga ziyon yetkazadi. Harbiy samolyotlar bilan yuz beradigan hodisalarda esa qushlar 55 foiz dvigatellarga, 11 foiz fyuzelyajga, 10 foiz esa uchuvchilar kabinasi oynasiga, 14 foizi esa qanot va rulga borib uriladi.

Bugungi kunda mutaxassislar samolyotlarni qushlardan muhofaza qilish ustida ish olib bormoqda. Qushlarni qo‘rqitish maqsadida dvigatellar ventilyatorlariga maxsus jihozlar o‘rnatiladi. Ventilyator aylanganda qushlarni qo‘rqituvchi samara yaratadi. Aeroportlarda esa mutaxassislar qushlarni haydash borasida samarali mehnat qilishmoqda. Buning uchun aeroportlarda maxsus jihozlar o‘rnatilgan.

Ilk bor qushlarning samolyot bilan to‘qnashuvi 1905-yilda yuz bergan. Aka-uka Raytlar uchuvchi apparatda havoga ko‘tarilar ekan, Orvill Rayt makkajo‘xori maydonida qushlar to‘dasiga duch kelganini yozib qoldirgan.1911-yilda fransuz uchuvchisi o‘zining Bleriot XI samolyotida Parij – Madrid yo‘nalishida parvoz qilar ekan, burgut bilan to‘qnashib ketadi. Oxir oqibat uchuvchi to‘pponchasi bilan qushni otib tashlaydi. Ilk fojea esa 1912-yilning 3-aprelida Kaliforniyaning Long-Bich shahrida yuz berdi. Calbraith Perry Rodgers uchuvchisi qushlar to‘dasi bilan to‘qnashadi va samolyot sohilbo‘yiga qulab tushadi. Uchuvchi halok bo‘ladi. 1960-yilda Eastern Airlines aviakompaniyasiga tegishli samolyot qushlar galasi bilan to‘qnashib ketgach Bostonga qulab tushgan edi.

2009-yilda US Airways aviakompaniyasining samolyoti g‘ozlar galasi bilan to‘qnashib ketganidan so‘ng Gudzon daryosiga qo‘nishga majbur bo‘lgan edi.

Sharofiddin To‘laganov, O`zA
7 024