O‘zA O`zbek

12.07.2019 17:35 Chop etish versiyasi

Boeing 737 falokatiga daxldor rahbar iste’foga chiqdi

Boeing 737 falokatiga daxldor rahbar iste’foga chiqdi

Boeing 737 MAX samolyotlari ishlab chiqarish bo‘yicha dasturi rahbari, Boeing kompaniyasi vitse-prezidenti Erik Lindblad iste’foga chiqadi. Uning o‘rnini Mark Djenks egallaydi.

Lindbladning iste’foga chiqishi korporatsiyaning “ Boeing 737 MAX samolyotlari bilan yuzaga kelgan muammosi fonida yuz bermoqda. Ma’lumki, jahon bo‘ylab yarim yillik farq bilan ikkita aviafalokat yuz bergani, buning oqibatida 300dan ortiq kishining halok bo‘lganidan so‘ng shu rusumdagi samolyot parvozlari to‘xtatib qo‘yilgan edi. Dastlabki ma’lumotlarga qaraganda laynerlarning halokatiga, har ikki holatda ham dastur ta’minotidagi xatolik sabab bo‘lgan. Korporatsiya nosozliklar bartaraf etilganini aytmoqda.

400dan ortiq uchuvchi Boeingga nisbatan jamoaviy da’vo bilan chiqdi. Ular kompaniyadan Boeing 737 MAX samolyotidagi nuqsonlarni yashirgani uchun millionlab tovon to‘lanishini talab qilmoqda.

Parvozlarning taqiqlanishi tufayli kompaniya bir milliard dollar zarar ko‘rdi. Iyun oyi boshlarida korporatsiya bayonot berib, Boeing 737 MAX samolyotlarini yetkazib berish 2019 yilning ikkinchi choragida ikki barobar qisqarganini ma’lum qildi. Kompaniya, shuningdek Boeing 737 MAX rusumidagi birorta ham samolyot sotmadi.

Erik Lindblad Boeing kompaniyasida 34 yil ishlagan.

O‘zA
487