O‘zA O`zbek

15.04.2019 12:12 Chop etish versiyasi

Berlinda O‘zbekistonda nashr etilgan kitoblar taqdimoti o‘tkazildi

Berlinda O‘zbekistonda nashr etilgan kitoblar taqdimoti o‘tkazildi

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi vakillaridan iborat delegatsiya Berlin davlat kutubxonasida bo‘lib, bu yerda saqlanayotgan buyuk ajdodlarimiz qalamiga mansub nodir qo‘lyozmalarni o‘rganish, qadimiy asarlarni kataloglashtirish, ularning elektron nusxalarini yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdilar.

Berlin davlat kutubxonasi 1661 yilda tashkil etilgan bo‘lib, dunyoning barcha tillarida, barcha sohalar bo‘yicha 11 milliondan oshiq kitoblarni jamlagan Yeropaning eng yirik madaniy muassasalaridan biri hisoblanadi. Bu yerda Sharq madaniyatiga oid 43 ming qadimiy asar, jumladan musulmon sivilizatsiyasiga taalluqli 17 ming qo‘lyozma, 8 ming miniatyura saqlanadi.
Ular orasida hadis ilmi sultoni Imom Buxoriy qalamiga mansub “Sahihi Buxoriy” asarining 30 dan ziyod qo‘lyozmalarini alohida qayd etish lozim.
2013 yildan boshlab Berlin davlat kutubxonasi Sharq qo‘lyozmalarining elektron nusxalarini yaratish ustida ishlamoqda. Hozirga qadar 4500 ta asarning elektron nusxasi tayyorlandi.

2.1.Берлин кутубхонаси.JPG

O‘zbekiston delegatsiyasining Germaniyaga tashrifi asnosida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan nashr etilgan buyuk allomalarimiz ilmiy merosiga oid kitoblar taqdimoti o‘tkazildi.
“Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan taqdim etilgan kitoblar Berlin davlat kutubxonasi uchun eng yaxshi sovg‘a bo‘ldi. Ushbu manbalar Sharq xalqlari, ayniqsa, musulmon madaniyati bilan tanishish istagidagi kitobxonlarimiz uchun qimmatli asarlarga aylanishi shubhasiz”, deydi kutubxonaning Sharq bo‘limi mas’ul xodimi Toralf Xanshtayn.
Berlin davlat kutubxonasi ilmiy xodimi Roza Tulyashevaning qayd etishicha, madaniy aloqalar, ayniqsa, kutubxonalar o‘rtasidagi ilmiy almashinuv xalqlarni bir-biriga yanada yaqinlashtiradi, o‘zaro ishonch va do‘stlikni mustahkamlaydi.
Ta’kidlash kerakki, mamlakatimizning IX-XVIII asarlarga oid tarixini, xususan, temuriylar va xonliklar davri qo‘lyozmalarini o‘rganuvchi tadqiqotchilar uchun Berlin davlat kutubxonasi eng foydali maskan bo‘lishi shubhasiz.
Uchrashuvda Berlin davlat kutubxonasi bilan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi o‘rtasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Jumladan, qo‘lyozmalarning elektron nusxalarini yaratish bo‘yicha hamkorlik, O‘zbekistonda nashr etilgan zamonaviy nashrlarning taqdimotini o‘tkazish shular jumlasidandir.

O‘zA
331