O‘zA O`zbek

07.04.2019 15:50 Chop etish versiyasi

Qo`qonga jahon hunarmandlar shahri maqomi beriladi

Qo`qonga jahon hunarmandlar shahri maqomi beriladi

Jahon hunarmandchilik kengashining Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bo`yicha prezidenti Gada Kaddumi Qo`qon shahriga tashrif buyurdi.

Joriy yilning 10-15 sentyabr kunlari Qo`qon shahrida xalqaro hunarmandchilik festivali bo`lib o`tadi. Unda 50 dan ortiq xorijiy davlatlardan mahoratli hunarmandlar, amaliy san`at ustalari, mutaxassislar, soha olimlari va faxriy mehmonlar ishtirok etishi kutilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2018 yil 1 noyabrda qabul qilingan “Xalqaro hunarmandchilik festivalini o`tkazish to`g`risida”gi qarori asosida ayni kunlarda mazkur nufuzli tadbirga qizg`in tayyorgarlik ko`rilmoqda. Ko`cha va xiyobonlar obodonlashtirilib, mehmonxonalar, xizmat ko`rsatish va servis majmualari, turli inshootlar qad rostlamoqda. 

photo_2019-04-07_15-49-33.jpg

Xalqimizning qadimiy tarixi va madaniy hayotini har tomonlama keng yoritish, nomoddiy madaniy merosimiz bo`lgan ko`p qirrali o`zbek milliy hunarmandchiligini keng namoyish qilish, uning noyob namunalarini targ`ib etishda ilk marta o`tkazilayotgan mazkur festivalning ahamiyati beqiyos. Shuning uchun ham mazkur tadbirni yuqori saviyada tashkil etishga muhim e`tibor qaratilmoqda. Xalqaro hay`at tomonidan ko`rik-tanlov ishtirokchilarining mahsulotlari ko`rgazmasi va mahorat darslari 5 ta nominatsiya bo`yicha baholanib, mukofot jamg`armasi 45 ming dollarni tashkil etishi rejalashtirilgan.

Respublika «Ҳunarmand» uyushmasi joriy yilning mart oyida “World Craft Council (jahon hunarmandlar kengashi)ning a`zosi bo`ldi. WCCga a`zo bo`lish o`zbek hunarmandlarining xalqaro hamkorlikni rivojlantirish uchun, shuningdek, ularning xorijdagi ko`rgazmalarini tashkil etish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.

Jahon hunarmandchilik kengashining Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bo`yicha prezidenti Gada Kaddumi Qo`qon shahrida xalqaro festivalga tayyorgarlik jarayoni hamda hunarmandlar faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

photo_2019-04-07_15-49-35.jpg

– O`zbekistonga ilk bor kelishim bo`lsa-da, yurtingiz men uchun juda qadrli, – deydi Gada Kaddumi. – Kecha xalqaro baxshichilik san`ati festivalida qatnashib, katta taassurot oldim. Qo`qon shahrida birinchi marta o`tkazilayotgan xalqaro hunarmandchilik festivaliga katta tayyorgarlik ishlari olib borilayotganligining guvohi bo`ldim. Qo`qon tarixidan yaxshi xabardorman. Bu shahar qadimdan hunarmandlar vatani hisoblanib, bejiz xalqaro festival mezboni sifatidan tanlanmagan. Ayniqsa, hunarmandlarning qo`l mehnati asosida tayyorlanayotgan mahsulotlari meni yanada qiziqtirib qo`ydi. Ayni damda Qo`qon shahriga jahon hunarmandlar shahri maqomini berish bo`yicha hamkorlikdagi ishlarimiz davom etmoqda.

Qo`qon shahar hokimi Ma`rufjon Usmonov mehmonni xalqaro festivalga tayyorgarlik borasidagi ishlar bilan tanishtirdi. O`rda xiyoboni, Qo`qon madaniyati tarixi davlat muzeyi, “jome`” masjidi, Madrasai Mir kabi joylar Gada Kaddumi xonimda katta taassurot qoldirdi.

photo_2019-04-07_15-49-37.jpg

M. Sulaymonov, M.Qodirov (surat), O`zA
2 514